Prezident tomonidan yangi tahrirdagi “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida"gi qonun imzolandi.

Unga ko‘ra, elektron raqamli imzo bilan qo‘lda shaxsan qo‘yilgan imzo bir xil ahamiyatga ega bo‘ladi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ERIdan foydalanish sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilandi.

ERI kalitlarini ro‘yxatga olish markazi hamda shaxslar o‘rtasidagi ERIdan foydalanish sohasidagi munosabatlar shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Ta’kidlanishicha, ERI kalitini berish yoki uning sertifikatini ro‘yxatga olish bir ish kunidan oshmasligi kerak.

Shuningdek, ERI kalitiga ega bo‘lgan shaxslar u mavjud bo‘lishi talab qilinadigan davlat xizmatlarining barcha turlaridan erkin foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Qonunning yana bir muhim jihati, jismoniy va yuridik shaxslar bir nechta ERI kalitlariga ega bo‘lishi mumkin. Har bir ERI kalitining sertifikatini ro‘yxatga olish belgilangan tartibda alohida amalga oshiriladi.

ERI kaliti sertifikatining amal qilish muddati ro‘yxatga olingan paytdan boshlab, 24 oydan oshmasligi kerak.

Bunda amal qilish muddati ikki martadan ko‘p bo‘lmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.

Xorijdagi o‘zbekistonliklar ERIni qanday oladi

Xorijdagi fuqarolar, shuningdek chet el jismoniy va yuridik shaxslari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ERIni konsullik muassasalari hamda diplomatik vakolatxonalarning konsullik bo‘limlari orqali olishi mumkin.

Qo‘shimcha qilinishicha yangi tahrirdagi qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.


Avvalroq “Spot” “Mobile-ID” nima uchun kerakligi, u qanday ishlashi va ro‘yxatdan o‘tish jarayonini bosqichma-bosqich tushuntiruvchi qo‘llanmani taqdim etgandi.

“Mobile-ID” “ONE-ID” tizimida ro‘yxatdan o‘tish uchun ishlatiladi, bu esa o‘z navbatida davlat tashkilotlari veb-saytlariga kirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, u elektron davlat xizmatlarini olish uchun arizani tasdiqlash uchun zarur: buning uchun telefonga SMS orqali kelgan kodni kiritish kerak. Ya’ni, bu raqamli imzo o‘rnini bosadi.