Joriy yilning iyul-sentabr oylarida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha tuzilgan shartnomalar soni 79,9 mingtani tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida qayd etilgan.

Natijada bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20%ga oshgan. Yuqori ko‘rsatkich asosan avgust va sentabr oylarida tuzilgan shartnomalar bilan bog‘liq.

Hududlar kesimida eng ko‘p shartnoma tuzilishi Xorazm viloyatiga to‘g‘ri keladi — 41%.

Ijara narxi. Iyul oyida respublika bo‘yicha ijara narxlari 2,5%ga kamaydi. Bu mehnat ta’tili davri va o‘quv yilining yakunlanishi bilan izohlanadi.

Avgust-sentabr oylariga kelib turar joylar uchun ijara narxlarida 17%lik sezilarli o‘sish kuzatilgan. Avgust oyida 8,6%ga va sentabrda 7,7%ga oshgan.

Aholi tomonidan sezilayotgan ijara haqining oshishi inflyatsion kutilmalarda ham o‘z aksini topdi.

Birlamchi va ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorida narxlar qanday

Ikkilamchi ko‘chmas mulk bozori uchinchi chorakda 5,2%ga, yil boshidan buyon esa 18,1%ga qimmatlashdi.

Surxondaryo, Andijon va Toshkent viloyatlarini hisobga olmaganda barcha hududlarda o‘sish kuzatilgan.


Uchinchi chorakdagi ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorida narxlarning o‘sishi eng ko‘p Qoraqalpog‘istonda qayd etilgan — 19,4%.

Surxondaryo viloyatida esa uy-joy narxi 10,2%ga arzonlashgan.

Shuningdek, sentabr oyida birlamchi bozorda ham uy-joy narxi 2,5%ga o‘sdi.

Farg‘ona, Toshkent, Sirdaryo va Navoiyda narxlar oshgan bo‘lsa, Jizzax, Buxoro va Xorazmda narxlarning biroz pasayishi kuzatildi.

Umuman, uchinchi chorakda narxlarning o‘sishiga norezidentlar tomonidan yashash joylariga bo‘lgan talab va aholining ikkilamchi daromadlari ortishi hamda mavsumiy omillar ta’sir qilgan.

Mavzuga doir: Xorij fuqarosiga “kvartira"ni qanday ijaraga berish kerak va bunda nimalarga ahamiyat qaratish zarur.

Birinchi navbatda, xorij fuqarolarining pasport yoki unga tenglashtirilgan hujjatlari bo‘lishi va vakolatli organlar so‘roviga binoan taqdim etilishi shart.

Boshqa davlat fuqarosiga uy-joyni ijaraga berishda o‘zbekistonliklarga qo‘llaniladigan tartib amalga oshiriladi.

Ijarachani ichki ishlar organlarida ro‘yxatdan o‘tish bilan bir qatorda tashrif maqsadini aniqlash, undan o‘zi haqidagi ma’lumotlarni O‘zbekistondagi ish beruvchi tasdiqlashini so‘rash tavsiya etiladi.

Shuningdek, u haqida sobiq ish joylaridan so‘rash, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini tekshirish kerak. Bularning barchasi odamning ishonchli ekanligi haqida fikr beradi