Aholining sezilgan inflyatsiya ko‘rsatkichi yana pasaydi. Regulyator taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning sentabr oyida 14,8% ko‘rsatkichni tashkil etdi.
Avgust oyida sezilgan inflyatsiya esa 15,5%ni qayd etgandi.
Xususan, iyun oyidan boshlab inflyatsiyani 8%dan past darajada his qilganlar ulushi 18%dan 31%gacha doimiy ravishda ortmoqda.
Inflyatsiyaning 20%dan yuqori oshganini his qilganlar ulushi esa 37%dan 24%gacha qisqardi.
Eng top narxlar o‘sishi go‘sht va sut mahsulotlarida qayd etildi — 39,2%. Shuningdek, aholi non, un, shakar va yog‘ mahsulotlari narxida ham o‘sish sezgan.
Ayniqsa, ijara narxlarining oshishi 21,1% bilan oltinchi o‘rinda turibdi. Buni esa aholi sentabr oyida mamlakatga turistlar oqimining ortishi bilan baholashgan.
Hududlar kesimida eng baland inflyatsiya 17,1% bilan Buxoro viloyatida, eng pasti esa 11,3% bilan Navoiy viloyatida sezilgan.
Sohalar bo‘yicha tashish va aloqa xizmatlari, savdo, ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligida faoliyat yuritayotgan so‘rov ishtirokchilari inflyatsiyani yuqoriroq darajada sezishgan.
Joriy yilning sentabr oyida iste’mol bozorida inflyatsiya darajasi 1%ni tashkil etdi.
Yanvar-sentabr oyida iste’mol bozorida narxlarning o‘sish sur’ati 8,1% ga yetib, o‘rtacha oylik o‘sish sur’ati esa 0,9%ni tashkil etdi.
2022-yilning sentabr oyida narxlar va tariflar oshishi bo‘yicha yetakchilik oziq-ovqat mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.