Markaziy bankning ma’lum qilishicha, joriy yilning to‘qqiz oyida banklar orqali naqd pul aylanmasi hajmi 503 trln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 39,3%ga oshgan.
Bunda bank kassalariga naqd pul tushumlari 244,3 trln so‘mni, chiqim qilingan naqd pullar esa 258,7 trln so‘mni tashkil etadi.
Naqd pul tushumlari hajmi
Yanvar-sentabr oylarida bank kassalariga jami naqd pul tushumlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 36,7%ga oshganini ko‘rish mumkin.
Savdo va xizmatlar sohasidan tushumlar 27,5%ga (24,7 trln so‘m) va bank xizmatlaridan naqd pul tushumlari 62,3%ga (31,8 trln so‘m) oshdi.
Biroq jami tushumlar tarkibida savdo va xizmatlar sohasidan tushumlar ulushi 3,4%ga kamayishi kuzatildi.
2022-yilning 9 oyida savdo va xizmatlar sohasidan jami tushumlar 183,1 trln so‘mni tashkil qilib, shundan 62,6%i (114,6 trln so‘m) naqd shaklda, 37,4%i (68,5 trln so‘m) terminallar orqali bank hisob raqamlariga kirim qilindi.
O‘tgan yilning mos davrida 64,4%i (89,9 trln so‘m) naqd shaklda, 35,6%i (49,6 trln. so‘m) terminallar orqali bank hisob raqamlariga kirim qilingan.
Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida bank kassalari va bankomatlardan berilgan naqd pullar 2021-yilning mos davriga nisbatan 41,8%ga ya’ni 76,2 trln so‘m ko‘paygan.
Ushbu o‘sishning asosiy qismi bank kartalaridan naqd pul yechish miqdori 38,6 trln so‘mga, aholining omonat hisob raqamlaridan naqd pullar olish hajmining 4,9 trln so‘mga va banklar tomonidan naqd chet el valyutasini sotib olish operatsiyalarini 17 trln so‘mga oshishi hisobiga yuzaga keldi.
Naqd puldagi chiqimlar hajmi
Shuningdek, joriy yilning 9 oyi davomida bank kartalariga kirim qilingan mablag‘lar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 88,7%ga oshib, 382,6 trln so‘mni tashkil qildi.
Ushbu mablag‘larning 125,6 trln so‘mi — pensiya, nafaqa va ish haqi to‘lovlari, 121,9 trln so‘mi — kartadan kartaga hamda xalqaro pul o‘tkazmalari orqali, 79,1 trln so‘mi — naqd pulda va omonat hisobvaraqlaridan bank kartalariga kirim qilingan mablag‘lar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Ushbu davrda bank kartalaridagi 105,5 trln so‘mlik (27,6%) mablag‘lar aholi tomonidan naqdlashtirib olingan.
Shundan bankomatlar orqali 83,4 trln. so‘mlik va bank kassalari orqali 22 trln. so‘mlik naqd pullar yechilgan.
Bank kartalariga tushgan mablag‘lar 382,5 mlrd so‘mni tashkil etgan. Bank kartalari orqali yechilgan jami naqd pullar 105,4 mlrd so‘m, bankomatlar orqali yechilgan pullar esa 83,4 mlrd so‘m bo‘lgan.
Banklarga tushgan naqd pullarning ularga bo‘lgan talab o‘rtasidagi farq Markaziy bank tomonidan muomalaga qo‘shimcha naqd pullarni chiqarish orqali ta’minlab borildi.
Xususan, Markaziy bank tomonidan joriy yilning 9 oyi mobaynida muomalaga qo‘shimcha 15,1 trln so‘m naqd pul chiqarildi va 1-oktabr holatiga naqd pullarning umumiy pul massasidagi ulushi 25,1%ni tashkil etdi.