Junior darajadagi dasturchilar uchun

“Python'ni o‘rganamiz”, Mark Lutz.

Bu kitobda python’ning xususiyatlari va afzalliklarini qulay tarzda ko‘rsatgan. Uning foydaliligi shundan iboratki muallif kitobda nazariya hamda amaliyotga birdek ahamiyat qaratgan.

Ba’zi fikrlarni eslab qolish unchalik oson emas, shuning uchun Mark har bir bo‘lim oxirida savollar va amaliy mashqlardan iborat o‘ziga xos uy vazifasi beradi.

Muallif kitobda predmetlar, funksiyalar, modullarning qanday turlari borligini qisqa va juda aniq tushuntirgan, til vositalari to‘g‘risida batafsil ko‘rsatgan.


“Python'ni o‘rganamiz. O‘yinlarni dasturlash, ma’lumotlarni vizualizatsiya qilish, veb-ilovalar”, Erik Metys.

Bu dasturlash tilini endi o‘rganayotganlar uchun yana bir ajoyib kitob. Rus va inglizcha versiyalari mavjud.

Biz yuqorida aytib o‘tgan kitobda bo‘lgani kabi, bu yerda ham nazariya, ham amaliyot taqdim etiladi.

Bundan tashqari, birinchi navbatda mantiqiy tushuntirish bor, shundan so‘ng o‘quvchi amalda hamma narsani tekshirishi mumkin.

Muallif kitobxonga oson bo‘lishi uchun texnik atamalarni oddiydan murakkabgacha sodda tarzda tasvirlagan.

Bu kitobda ham har bo‘limda misollar va qiziqarli uy vazifasi berib borilgan.



Middle darajadagi mutaxassislar uchun

“Sof python. Professionallar uchun dasturlashning nozik jihatlari”, Dan Bader.

Kitobni asl nusxasini o‘qishni tavsiya qilamiz, chunki noaniqliklar uning tarjimasidanoq boshlanadi.

Asl nomi “Python tricks” (Python fokuslari) bo‘lgan kitobda professionallar uchun hech narsa yo‘q, aslida o‘rta darajadagi dasturchilar uchun mo‘ljallangan.

Ammo mutaxassislar ham o‘zlari uchun foydali narsalarni topishlari mumkin. Unda muallif o‘z amaliyotidan misollar keltirgan va ular haqiqatdan ham kerak.

Nima yozilganligini tushunish uchun python tilining asoslarini tushuna olish kifoya.


“Python. Sinovga asoslangan dasturlash”, Garri Persival.

Ko‘pgina dasturchilar kutubxonasida mavjud bo‘lgan eng yaxshi kitoblardan biri. Bu test asosida ishlab chiqish (TDD) metodologiyasining nuanslarini ochib beradi.

Oquvchiga dasturning deyarli har qanday qismini yaratish uchun testlarni yozish va ishga tushirish o‘rgatiladi.

Shuningdek, testlardan o‘tish uchun zarur bo‘lgan minimal kod miqdorini qanday ishlab chiqish ko‘rsatiladi.

Muallif Django, Selenium, Git, jQuery va Mock kabi turli xil vositalar va “framework"lar bilan ishlashni o‘rgatadi.


Senior darajadagilar uchun

“Murakkab vazifalar uchun Python. Ma’lumotlar fanlari va „machine learning“”, J.Vander Plas.

Ushbu kitobda professionallar ish jarayonida tez-tez duch keladigan murakkab va hajmli vazifalar haqida so‘z boradi.

Bu “data science” uchun hisoblash va statistik usullar bo‘yicha qo‘llanmadir. Kitob yaxshi tajribaga ega bo‘lgan, shuningdek, “data science” bo‘yicha o‘z tajribasi va bilimlarini oshirmoqchi bo‘lganlar uchun.

Muallif har xil turdagi ma’lumotlar bilan ishlashga, jumladan, vaziyatni tahlil qilishga, javoblar olishga, statistik modellarni yaratishga va “machine learning"ga alohida e’tibor qaratgan.

Kitobda turli formatlarni skriptda o‘qish, ma’lumotlarni o‘zgartirish, tozalash, ma’lum turdagi ma’lumotlarni vizualizatsiya qilish kabi ko‘plab amaliy misollar mavjud.