IT bugun har bir sohaga kirib bormoqda, shu sabab bu yo‘nalishdagi mutaxassislarga ham kundan kun ehtiyoj ortyapti.

Shu bilan birga, bu sohani chuqur o‘zlashtirgan mutaxassis har qanday holatda, har qanday joyda (xoh u o‘z mamlakati yoki xorijiy davlat bo‘lsin) bemalol ishga joylasha oladi.

Shunisi aniqki, soha yuksalsa yuksaladi, ammo hech qachon unga bo‘lgan talab kamaymaydi.

Ana shunday katta imkoniyatlar eshigini ochib beruvchi “Digital Bridge 2022” raqamli texnologiyalar va biznes forumi IT-sohasining professionallaridan tortib, soha qiziquvchilarini Ostonada jamladi.

“Markaziy Yevroosiyo yangi texnologik platforma sifatida” mavzusida o‘tkazilgan forum ta’kidlanganidek Yevropa va Osiyo o‘rtasida yangi raqamli ko‘prik qurishga, shuningdek, Markaziy Yevroosiyo mamlakatlari texnoparklarini birlashtirib, tajriba almashishga qaratilgan.

Va chindan ham bu maqsadlar ikki kunlik forum doirasida o‘zini oqlay oldi, desak yanglishmaymiz. “Spot” mazkur forumning eng muhim tafsilotlarini taqdim etadi.


Bu yilgi forumda 15 ta mamlakatdan 70 dan ortiq investorlar, 300 dan ortiq IT-kompaniyalari ishtirok etdi. Shuningdek, ikki kun davom etgan loyiha doirasida 200 dan ortiq spiker nutq so‘zladi.

12 ming kv.metr pavilionda ishtirokchi davlatlarning yirik texnoparklari o‘z mamlakatlarida innovatsion ekotizimni rivojlantirish, startap va IT-mutaxassislarning ta’lim va biznes dasturlarida ishtirok etishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida so‘zlovchi ko‘rgazmalar tashkil etildi.

Yakutskdan Kremniy vodiysigacha

Forumning birinchi kuni “inDriver” asoschisi Arsen Tomskiy bilan muloqot o‘tkazildi. Kompaniya asoschisi o‘z nutqida “inDriver"ning rivojlanishi haqida so‘zlab berdi.

“inDriver” tarmog‘i hozir 45 ta mamlakatning 646 ta shahrini qamrab olgan. Ilova eng ko‘p o‘rnatilgan dastur sifatida dunyoda ikkinchi o‘rinni egallaydi. Bosh qarorgohi hozirda AQShda joylashgan.

Kompaniya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, yuqori daromad olish maqsadida uni 2019-yilda ko‘chirgan. Rossiyada bunga erishish mumkin emasligini ta’kidladi u.


“Bizni maksimal $65 mln.ga baholashgandi. AQShga ko‘chib o‘tgach, olti oy ichida bu ko‘rsatkichni olti-yetti baravar oshirdik. Foydalanuvchilar narxlarni o‘zlari belgilaydilar. Natijada ularni narx manipulyatsiyasidan himoya qilamiz”, — deydi u.

Muloqot davomida yosh startaplarga muhim tavsiyalar bilan birga hayotiy tajribasini ulashgan tadbirkor o‘z mablag‘larini shaxsiy ehtiyojlaridan ko‘ra ko‘proq ijtimoiy loyihalarga sarflashni afzal ko‘rishini aytdi.

“Muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlardan biri bo‘lishimga qaramay, menda hech narsa yo‘q. Hatto shaxsiy mashina ham. Mablag‘larni adolatsizlikni kamaytiradigan loyihalarni ishlab chiqishga sarflayman. Menimcha, villalar va yaxtalar sotib olish odamni baxtli qilmaydi. Asosiysi, maqsad emas, yo‘l. O‘zingizga qiziq bo‘lgan ishni qilishingiz kerak. Natijada zavq bilan yashay boshlaysiz”, — dedi Arsen Tomskiy.

Shu sabab, u so‘nggi o‘n yildan buyon chekka qishloqlar va mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilariga dasturlash asoslarini o‘rgatmoqda.

Texnoparklar o‘rtasida memorandum

“Digital Bridge” forumi doirasida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlarning texnoparklari o‘rtasida memorandum imzolandi.

Bu mamlakatlar texnoparklari qatorida Ozarbayjonning “Sabah Lab”, Qirg‘izistonning “HTP”, Turkiyaning “Bilişim Vadisi”, “Bilkent Cyberpark”, O‘zbekistonning “IT Park” hamda Qozog‘istonning “Astana Hub” texnoparklari bor.


“Mintaqada tashkilotning zamonaviy texnoparklari assotsiatsiyasini yaratish va TDT mamlakatlarining IT platformalarini integratsiyalashni maqsad qilganmiz. Shuningdek, tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida IT-startaplarning mobilligini oshirishga qaratilgan „Digital Nomad“ IT-rezidentlik dasturini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralarga tayyormiz”, — dedi “Astana Hub” bosh direktori Magjan Madiyev.

Shuningdek, forumda Markaziy Osiyo davlatlari va Turkiy davlatlar tashkilotining AKT vazirlari va xalqaro tashkilotlar ekspertlari tomonidan raqamli texnologiyalarni megapolislarda rivojlantirish, AKT global strategiyasini kengaytirish, raqamli hukumatning barqarorligi kabi mavzular muhokama qilindi.

Global o‘zgarishlar davrida raqamli barqarorlikka erishish yo‘llari, davlat va biznesni raqamli rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish masalalari bo‘yicha sessiyalarda o‘zaro fikr almashildi.

Forum davomida bir vaqtning o‘zida bir nechta sessiyalar tashkil etilib, unda dunyoga mashhur kompaniyalar rahbarlari, xodimlari ishtirok etdi.


Startaplar alleyasida O‘zbekiston pavilioni

“Digital Bridge” forumida Markaziy Osiyodagi 100 dan ortiq eng yaxshi loyihalarni birlashtirgan startaplar alleyasi tashkil etilgan. Unda har bir mamlakatdan turli startap loyihalari o‘z mahsulotlari taqdimotini o‘tkazdi hamda ma’lumotlar berib bordi.

O‘zbekistonning “IT Park” stendida mamlakat kompaniyalari tomonidan IT yechimlar va yangi startaplar forum ishtirokchilariga o‘z hamkorlik imkoniyatlarini taqdim etdi.

Xususan, “Beautify.uz”, “Avlo.shop”, “Billz.uz”, “OneApp”, “TASS Vision”, “Sug‘urta Bozor” va “MyID” kabi o‘zbek startap loyihalari namoyish etildi.

“Avlo.shop” startapi “Google” va “Astana Hub” tomonidan tashkil etilgan “Silkway Accelerator” loyihasiga 15 ta startap qatorida qabul qilingan.

Mazkur loyiha “Astana Hub Battle” tanlovida ham qatnashdi.


Shuningdek, forum doirasida “IT-Park” bir qator korxona va tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydi.

Xususan Nazarboyev universiteti Inha, Amity va TATU universitetlari bilan hamkorlikda sun’iy intellekt sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Qozog‘iston universiteti vakillari turkiy tillardagi so‘zlarni o‘zbek tilini ham o‘z ichiga olishi kerak bo‘lgan boshqa tillarga tarjima qilish imkonini beruvchi loyihani yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurish istagini bildirdi.

Ukrainaning dasturiy ta’minot va “Internet of Things” texnologiyalarini ishlab chiqaruvchi “DataArt” kompaniyasi “IT Park” bilan hamkorlik qilmoqchi. Kompaniya vakillari O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochishni rejalashtirmoqda.

“Sergazin Startups” kompaniyasi bilan IT-park doirasida startap loyihalari, inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarida mentorlik bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirdi.


“Yandex Cloud” kompaniyasi esa “Yandex” tizimlariga kirish va moliyaviy ko‘mak berish orqali o‘zbek startaplarini qo‘llab-quvvatlashga qiziqish bildirdi.

Texnoparklarni integratsiyalash imkoniyatlari

Forumning ikkinchi kuni o‘tkazilgan sessiyalar qatorida “Turkiy tilli mamlakatlarda startap ekotizimini rivojlantirish” mavzusidagi sessiya ham ishtirokchilarni qiziqtirdi.

Unda “IT Park” direktori Farhod Ibragimov, “Astana Hub” direktori Magjan Madiyev, Turkiyaning “Bilişim Vadisi” texnoparki direktori Ahmet-Serdar Ibrahimjioglu, Qirg‘iziston “Yuqori texnologiyalar parki” direktori Chubak Temirov, Turkiyaning “Bilkent cyberpark” direktori Farruk Inaltekin va moderator sifatida Turkiy davlatlar tashkiloti loyiha rahbari Farrux Jumayev ishtirok etdi.

Ishtirokchilar Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi qo‘shma hamkorlik muhimligini qayd etib, milliy loyihalarni jadallashtirish maqsadida texnoparklarni integratsiyalash imkoniyatlarini muhokama qilishdi.

Farhod Ibragimov O‘zbekistonda autsorsingni rivojlantirish yoshlarni IT-sohasiga jalb qilish va yosh mutaxassislarni ish bilan ta’minlashning eng tezkor usuli ekanligini qayd etdi.

Shuningdek, u buyurtma va hamkorlarni jalb qilish maqsadida turkiy tilli mamlakatlar brendini mustahkamlash zarurligini ta’kidladi.


Sessiyada ta’kidlanishicha, xalqaro platformalarga alohida emas, balki mintaqaviy miqyosda kirish zarur. Chunki Markaziy Osiyo davlatlari bu yo‘nalishda anchadan beri ish olib borayotgan Hindiston, Filippin kabi davlatlar ko‘lamiga yetib bormagan.

Shuningdek, “IT Park” direktori bunday platformalarni tez-tez tashkil etish zarurligini va ular Markaziy Osiyo mamlakatlariga tezlashtirilgan rejimda ma’lum natijalarga erishishga yordam berishini qo‘shimcha qildi.

Astana Hub Battle

Forumning eng kutilgan tadbiridan biri bu “Astana Hub Battle” bo‘ldi.

Startap loyihalari o‘rtasida o‘tkazilgan mazkur tanlovning mukofot jamg‘armasi $18 ming.ni tashkil etdi.

Yarim finalda 97 ta startap ishtirok etib, ular ichidan eng kuchli 10 ta loyiha finalga o‘tdi. Har bir ma’ruzachiga hakamlar hay’atini hayratda qoldirish uchun roppa-rosa 60 soniya vaqt ajratilib, mana shu vaqt ichida ular o‘z loyihalarini qanday kengaytirishlari haqida aytib berishlari kerak edi.


Kuchli o‘ntalikda 1-o‘rinni “NBFIT” startapi egallab, $10 ming pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan “EasyTap” loyihasiga $5 ming va 3-o‘rinni egallagan “Cybionyx” startapi $3 ming bilan taqdirlandi.

Shuningdek, “AIdent” startapi “MOST Ventures” kompaniyasi tomonidan maxsus $20 ming qo‘lga kiritdi.

Birinchilikni qo‘lga kiritgan “NBFIT” loyihasi ayollarga homiladorlik payti va undan keyin sog‘lom turmush tarzini taqdim etishga yordam beradi.

Umuman, “Digital Bridge” forumi qamrovi jihatidan keng miqyosda tashkil etilgan hamda dunyoning har bir nuqtasidan tashrif buyurgan startaplardan tortip mashhur kompaniya vakillarigacha ishtirok etgan loyihaning natijasi ham yuqori bo‘lishi aniq.


Silikon vodiysida qo‘shma startap uyi tashkil etiladi

“Spot” forum davomida “Astana Hub” bosh direktori Magjan Madiyev bilan mamlakatlarning IT salohiyati va kelgusi rejalari haqida suhbatlashdi.

Uning ta’kidlashicha, “Astana Hub"ning ishga tushirilishi Qozog‘iston ekotizimidagi innovatsion sanoat uchun yutuq bo‘lgan. U loyihaning ilk ishga tushgan davridan to bugungi kungacha qanday rivojlanganini, buning barchasi IT-sohasini qo‘llab-quvvatlash tufayli amalga oshirilganini aytdi.

“Hozir “Astana Hub"da 980 ta IT-kompaniya mavjud. O‘tgan yili umumiy daromadimiz taxminan $400 mln.ga yetdi. Biroq, daromadning katta qismi mahalliy ishlab chiqarish hissasiga to‘g‘ri keladi. Maqsadimiz startap va kompaniyalarimizning chet elga chiqishiga yordam berish va ayniqsa, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida hamkorlikni kengaytirish”, — deydi u.

Kompaniya direktori Turkiyadan O‘zbekiston, Qirg‘izistongacha bo‘lgan bozorlarni hamda texnologik iste’dodlarni birlashtirishni ilgari surmoqda. Forum doirasida Turkiy davlatlar tashkilotining texnoparklari o‘rtasida imzolangan memorandum aynan hamkorlikning “yangi ko‘prigi"ni boshlab beradi.

“Bunda birinchi navbatda startaplarimizga bir-birimizning bozorimizga chiqishga yordam beramiz. Masalan, O‘zbekistonda 35 mln, Qozog‘istonda 19 mln aholi mavjud. Agar buni TDT miqyosida olsak, bu yanada kengroq — 200 mln.dan ortiq ko‘lamni qamrab oladi. Shuning uchun, albatta, hamkorlik qilishimiz kerak”, — dedi Magjan Madiyev.


Yana bir muhim yangiliklardan biri — bu Silikon vodiysida qo‘shma startap uyini ochish tashabbusi bildirilgani bo‘ldi.

“Biz qayerda bo‘lsak, u yerda ham mintaqamiz vakili bo‘lishi kerak. Menimcha, bizda barcha imkoniyatlar mavjud”, — deya qo‘shimcha qildi u.