Energetika vazirligi “Huawei” kompaniyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda kompaniya O‘zbekistonda joriy etish maqsadida bo‘lgan bir nechta loyihalar taqdimotini o‘tkazdi.
Xususan, kompaniya burg‘ulash maydonchalarida sun’iy intellektdan foydalanib, videotasvirlarni taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘lgan intellektual terminallar joriy etish niyatida.
Shuningdek, atmosferaga zararli chiqindilarni kam chiqaruvchi stansiyalarni yaratishga imkon beradigan, neft va gaz konlari uchun raqamli qazib olish, tashish, qayta ishlash texnologiyalari hamda sotish bo‘yicha yagona raqamli platformani taqdim etdi.
Bundan tashqari, neft-gaz sanoatini ishlab chiqarishdan yakuniy iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan jarayonlarni raqamlashtirish va avtomatlashtirish taklifi ilgari surildi.
Mamlakatda talab tobora ortib borayotgan elektromobillarni jamlash uchun elektr quvvatlantirish stansiyalarini joriy etish hamda karbonat angidrid chiqindilarini sertifikatlash mexanizmlari tizimini yaratish masalalari muhokama qilindi.
Bu bo‘yicha hamkorlik qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga kelishildi.
O‘tgan yilning avgust oyida Toshkentdagi Inha universitetida “Huawei AKT” akademiyasi o’z faoliyatini boshlagandi.
Joriy yilning sentabr oyida esa “Huawei” va “ZTE” kompaniyalari O‘zbekistonda telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha umumiy qiymati $506,8 mlndan ortiq 4 ta investitsiya loyihasini amalga oshirishi xabar qilingandi.
Unga ko‘ra, mamlakatning g‘arbiy va sharqiy hududlarida telekommunikatsiya tarmoqlari va raqamlashtirishga qaratilgan infratuzilma rivojlantirilishi belgilangan.
Bundan tashqari, Toshkent shahrida va barcha viloyatlar markazlarida beshinchi avlod 5G standartidagi tayanch baza stansiyalari o‘rnatiladi.
Shuningdek, “HuaWei” Rossiyadagi xodimlarining bir qismini O‘zbekiston va Qozog‘istonga ko‘chirgandi.
Bu bilan kompaniya xodimlarini MDH mamlakatlarida ishlashga yo‘naltirmoqchiligi ta’kidlangandi.