Avvalroq Yaponiyaning “Nissan” avtokonserni Rossiya bozoridan ketishga qaror qilgandi. Barcha aktivlar Sanoat va savdo vazirligiga bo‘ysunuvchi korxonaga 1 yevroga sotilishi ma’lum qilindi.
Endilikda esa Sankt-Peterburgdagi sobiq “Nissan” zavodida “KamAZ” bilan hamkorlikda Xitoyning “FAW” kompaniyasi avtomobillari yig‘iladi, deya xabar berdi “Vedomosti” nashri hukumatdagi manbalariga tayanib.
Muzokaralar qay bosqichda va muqobil variantlar bor-yo‘qligiga nashr manbalari aniqlik kiritmagan.
“Sankt-Peterburgdagi „Nissan“ zavodini egallash taklifi Xitoy kompaniyasini qiziqtirmasa kerak, chunki bitim shartlariga ko‘ra, yaponlar olti yil ichida aktivlarni sotib olish huquqiga ega bo‘ldi. Ammo „FAW“ davlat kompaniyasi bo‘lgani uchun qaror siyosiy bo‘lishi mumkin”, deb hisoblaydi “Vedomosti” manbasi.
Sankt-Peterburgdagi “Nissan” zavodi 2009-yildan beri faoliyat yuritib kelayotgandi. 2021-yilda kompaniya 43 mingta avtomobil ishlab chiqargan.
Joriy yil mart oyida butlovchi qismlar yetkazib berishdagi uzilishlar tufayli zavod ishini to‘xtatgandi.
“Nissan” Rossiya bozorini tark etishdan ko‘radigan zararini $686 mln.ga baholadi.