Samarqanddagi tashkilotlar shahar tashqarisiga ko‘chiriladi. Bu haqda “Zarafshon” gazetasida keltirilgan xabarni shahar hokimligi “Spot"ga tasdiqladi.

Unga ko‘ra, shaharda 178 ta davlat tashkiloti joylashgan bo‘lib, dastlab 42 ta tashkilot shahar tashqarisiga ko‘chirilishi belgilangan.

Buni amalga oshirishdan maqsad IT-parklarda tizimlashgan texnologik jarayonlarni amalga oshirish, “ekologik toza shahar"ga aylantirish va “xavfsiz shahar” integratsiyalangan tizimini yo‘lga qo‘yish ekani ta’kidlangan.

Shaharda bo‘sh qolgan binolarga esa chet ellik investorlarni jalb qilib, turizm infrastrukturasini yaratish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, 6 ta aholi turar-joyga tutash yerlarda kichik sanoat zonalari va ishlab chiqarish obyektlarini barpo etish belgilangan.

Shuningdek, loyiha doirasida 7 ta markaziy chorrahalarda yo‘l o‘tkazgichlar quriladi.

Sentabr oyida Shavkat Mirziyoyev Samarqandda barpo etilgan yangi aeroport, 8 ta mehmonxona, kongress-xoll, park, boshqa ko‘ngilochar va dam olish majmualarini o‘zbekistonliklar hamda xorijiy sayyohlar uchun ishlatish kerakligini ta’kidlagandi.

Shu bois Tashqi ishlar vazirligiga “Samarqand — Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi” targ‘ibot kampaniyasini o‘tkazish hamda Samarqandga sayyohlar oqimini oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni tasdiqlash topshirildi.

1-oktabrdan Samarqand xalqaro aeroportida Ochiq osmon rejimi joriy etildi.

Shuningdek, “All Nippon Airlines” kompaniyasi Buxoro va Urganch bilan birga Samarqandga ham parvozlarni yoʻlga qoʻymoqchi.


Avgustda Samarqandda “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi ochilgandi.