Avvalroq prezident qarori bilan 1-oktabrdan kasanachilarga ajratiladigan subsidiya miqdori oshirilishi haqida xabar berilgandi.
Ajratiladigan subsidiya miqdori BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha ya’ni 3 mln so‘mdan 4,5 mln so‘mgacha oshirilishi belgilangan.
14-oktabr kuni “Kasanachilikni tashkil etgan tadbirkorlik subyektlarini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaror qabul qilindi.
Unga ko‘ra, tadbirkorlar kasanachilikni tashkil etganidan kamida 3 oy o‘tgach, subsidiya olishi mumkin bo‘ladi.
Buning uchun tadbirkor Aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga yozma ravishda yoki Yagona portal orqali murojaat qiladi.
Markazning subsidiya ajratish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingandan so‘ng 5 ish kuni ichida:
- talabgorga har bir kasanachining dastlabki 3 oy davomidagi kasanachilik faoliyati uchun bir oylik o‘rtacha daromadi miqdorida bir martalik subsidiya ajratiladi;
- tadbirkorlik subyektiga har bir kasanachiga asbob-uskunalar xarid qilib berish xarajatlarining 50%gacha bo‘lgan qismi, biroq BHMning 15 baravarigacha miqdorida subsidiya ajratiladi.
Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi va tadbirkor o‘rtasida ijtimoiy kontrakt tuziladi.
Tuman (shahar) hokimliklari va aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari kasanachilik yo‘nalishida kasbga o‘qitish bo‘yicha davlat buyurtmasini shakllantiradi.
Shuningdek, aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari kasbga o‘qitish bilan bog‘liq xarajatlarni har bir band bo‘lmagan shaxs uchun BHMning 4 baravaridan ortiq bo‘lmagan miqdorda qoplab beradi.