Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qilingandan so‘ng tyumenliklar orasida chet elda ish topishga talab sezilarli darajada oshgan, xabar berdi “РБК” ishga yollash xizmatlari ma’lumotlariga tayanib.
“Avvallari har oyda 6−7 tadan shunday so‘rovlar kelib tushgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich haftasiga 30 dan oshdi”, — dedi “Forward Company” rekruting agentligi rahbari Tatyana Badanova.
Tyumen viloyatidan ish izlovchilarning 26%i o‘tgan oy davomida ish bilan ta’minlash doirasida boshqa mamlakatga ko‘chib o‘tishga roziligini aytgan.
Ish uchun ariza berganlarning 3%i esa boshqa mamlakatlarga ko‘chib o‘tishni ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirgan. Bu 2019-yilga nisbatan uch barobar ko‘pdir.
Tyumenliklar asosan Qozog‘iston (12%), Gruziya (5%), Belarus (4%), O‘zbekiston (3%), Ozarbayjon (3%), AQSh (3%), Turkiya (2%), Kanada (2%), Germaniya (2%) va BAAni (2%) tanlagan.
HR-agentliklariga ko‘ra, so‘rovlar soni besh baravar ortgan. Bundan tashqari, mamlakatdan chiqib ketayotganlar uchun hujjatlarni tayyorlash xizmatlariga bo‘lgan talab 20−30%ga oshgan.
“Avantaj” kompaniyasi bosh direktori Svetlana Chuykova “РБK"ga Rossiyani tark etishni xohlovchilar oqimi tufayli davlat muassasalarida zarur hujjatlarni rasmiylashtirish uchun katta navbatlar yuzaga kelganini ma’lum qildi.
Avvalroq “Spot” Rossiyadagi safarbarlik fonida sayohat sug‘urtasiga talab ortgani haqida yozgandi.