Avvalroq AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekistonga “Yoshlarni ish bilan ta’minlash ko‘nikmalari” (YES) dasturi uchun $10 mln ajratgandi.
Endi mazkur agentlik Xalq ta’limi vazirligi bilan mavjud ta’lim tizimini rivojlantirishda ko‘maklashish grant shartnomasiga (DOAG) qo‘shimcha $5,35 mln ajratdi, deya xabar berdi AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati.
“DOAG” USAID’ning 2019−2026 yillarga mo‘ljallangan umumiy o‘rta ta’lim tizimini keng qamrovli isloh qilish bo‘yicha Xalq ta’limi vazirligining dasturini qo‘llab-quvvatlash uchun $55 mln sarmoya kiritish majburiyatini ifodalaydi.
“Ta'lim qashshoqlikni kamaytirish va salomatlik, tenglik, tinchlik va barqarorlikni yaxshilash uchun kuchli vositadir. Bolalar va yoshlar maktabga borishga, yashash va ishlash uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni o‘rganishga va egallashga tayyor bo‘lsa, ular o‘zlari, oilalari, jamiyatlari va mamlakati uchun yaxshi kelajak qura oladi”, — dedi “USAID” missiyasi direktori Mikaela Meredit.
Mablag‘lar ingliz, o‘zbek tillari, matematika va IT texnologiyalarini o‘qitishni takomillashtirishga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, o‘qituvchilar malakasini oshirish, darsliklar, ish daftarlari va o‘qituvchilar uchun qo‘llanmalar bilan ta’minlashga ishlatiladi.
“USAID'ning qo‘shimcha sarmoyasi bilan vazirlikni ta’limni isloh qilish maqsadlariga erishishda qo‘llab-quvvatlashini ta’minlaymiz”, — deya qo‘shimcha qildi Meredit.