Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonning to‘rtta shaharlarida turmush darajasi va iqtisodiy raqobatbardoshligini oshirish uchun mablag‘ ajratilishini ma’qulladi, deya xabar qildi tashkilot matbuot xizmati.
Ajratiladigan kredit miqdori $59 mln.ni tashkil etadi. Shuningdek, bank oliy texnologiyalar jamg‘armasidan $500 ming miqdorida qo‘shimcha grant ajratadi.
Mablag‘lar mazkur bankning integratsiyalashgan shaharsozlik loyihasi doirasida taqdim etiladi.
Ular hisobidan Xiva, Jizzax, shuningdek, Sirdaryo viloyatining Xovos va Yangiyer tumanlarida infratuzilmani modernizatsiya qilish, xizmat ko‘rsatishni kengaytirish rejalashtirilgan.
Loyiha doirasida Xovos aholisi yangi istirohat bog‘i va ko‘p funksiyali mahalla markaziga ega bo‘ladi. Xivada esa yangi xiyobon, ikki qavatli markaz va O‘zbekistonda Ipak yo‘liga bag‘ishlangan birinchi raqamli muzey barpo etiladi.
Jizzaxda suvni tejovchi texnologiyalardan foydalangan holda zamonaviy suv ta’minoti tizimi joriy etiladi. Bundan tashqari maishiy chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash tizimini takomillashtirish rejalashtirilgan.
Avvalroq “Spot” Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonga oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun $500 mln ajratishi haqida yozgandi.