Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining 2045-yilgacha bo‘lgan Bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi.
Unga ko‘ra, poytaxtning sharqiy qismida, Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida 500 ming aholiga mo‘ljallangan yangi shahar barpo etiladi.
Yangi shahar bilan poytaxtni birlashtiruvchi asosiy yo‘llar sxemalari ishlab chiqilgan bo‘lib, birinchi bosqichda 6 ming gektarda bunyodkorlik qilish rejalashtirilgan.
“Yashil makon” umummilliy loyihasidan kelib chiqib, katta halqa yo‘li atrofida “yashil kamar” yaratish, shahardan o‘tgan kanallar bo‘yida tematik bog‘lar tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Poytaxtda 7 ming gektar yashil hududlarni 25 ming gektarga yetkazish maqsad qilingan.
“Endi har bir joy bo‘yicha xalq fikrini olib, aql bilan, sifatli qurish kerak. Bu yangi shahar xalqimizga munosib, iqlimimizga mos, zamonaviy bo‘lishi zarur”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mazkur loyihaga yosh mutaxassislarni jalb etilishi ta’kidlandi. Bundan tashqari, Samarqand, Buxoro, Qo‘qon, Namangan kabi boshqa shaharlarda ham loyihalashtirish markazlarini ochish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
“Endi kelajakni o‘ylab, strategiyani aniq belgilab olmasak, o‘n yildan keyin shaharda yashash qiyin bo‘lib ketadi. Qo‘shimcha bosimni infratuzilma ko‘tarmaydi. Endi xato qilishga haqimiz yo‘q. Xalq uchun yaratilishi kerak bo‘lgan qulayliklarni hisobga olib, loyihani 50 yil oldin to‘g‘ri qilmasak, shaharning arxitekturasi ham, iqtisodiyoti ham, ekologiyasi ham bo‘maydi” — dedi Prezident.
Toshkent shahri kadastri raqamlashtirilib, hududlarning toifasi ochiq-oshkora qayd etib qo‘yiladi.
Aholi o‘z mahallasi yoki tadbirkorlar biznes ochmoqchi bo‘lgan yerining qanday hududda joylashganini internet orqali ko‘rishi mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, tirbandlik muammosini hal etish uchun jamoat transporti qulaylashtiriladi. Buning uchun aholi uyidan 15 daqiqa piyoda yuradigan masofada bekat bo‘lishi talab etiladi.
Shuningdek, “Park and ride” tamoyili asosida, shahar chekkalarida avtoturargohlar tashkil etilib, jamoat transporti bekatlari bilan bog‘lanadi.
Endi shahar ichida ko‘p qavatli inshoot qurilsa, uning turiga qarab, maktab, bog‘cha, maishiy xizmat, avtoturargoh o‘rni, ko‘kalamzorlashtirish maydoni kabi ijtimoiy talablar qo‘yiladi.