Hukumat qarori bilan yoshlarga uy-joy sotib olish uchun subsidiya ajratish tartibi soddalashtirildi.
Unga koʻra, joriy yilning 1-dekabridan boshlab quyidagilar belgilandi:
- subsidiyaga talabgorlarni tanlab olish komissiyalari tarkibidan yoshlar ishlari agentligi boʻlim boshligʻi va aholi bandligiga koʻmaklashish markazi direktorlari chiqariladi;
- arizani aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari, Davlat kadastrlari palatasining hududiy boshqarmalari, yoshlar ishlari agentligi boʻlimlari va tuman (shahar) hokimligi tomonidan koʻrib chiqish tartibi bekor qilinadi.
Bunda mazkur tashkilotlarning maʼlumotlari portal orqali avtomatik tarzda shakllantiriladi.
Uy-joyga muhtoj fuqarolarni aniqlashning ijtimoiy mezonlari doirasida quyidagilar ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan ayrim shaxslar toifasiga kiritiladi:
- yosh oilalar, shu jumladan, 30 yoshdan oshmagan fuqarolar;
- olis va chekka hududlardagi byudjet tashkilotlariga boshqa hududlardan ishlash uchun kelgan oliy maʼlumotli mutaxassislar va tibbiyot xodimlari.
2022-yilning 1-noyabriga qadar “Labor-migration” dasturi va Kadastr agentligining Milliy geografik axborot tizimi portalga integratsiya qilinadi.
Moliya vazirligi tomonidan quyidagilar bekor qilindi:
- ipoteka krediti ajratishda qarz oluvchilarga qarz yukining eng yuqori chegarasi;
- subsidiya olish uchun bir kalendar yilda ikki marta ariza berish boʻyicha belgilangan cheklovlar.
Shuningdek, joriy yilning 1-noyabriga qadar 2020−2022-yillar dasturi doirasida subsidiya ajratish toʻgʻrisida xabarnoma olgan fuqarolarga ipoteka krediti foizlarining bir qismini qoplash boʻyicha toʻlanmay qolgan subsidiyalarni toʻliq toʻlash choralari koʻriladi.
2021-yil dasturi doirasida subsidiya ajratish toʻgʻrisida xabarnoma olgan Toshkent shahrida doimiy roʻyxatda turadigan fuqarolarga Toshkent viloyatida qurilgan uy-joylarni ipoteka krediti asosida sotib olish huquqi beriladi.
Avvalroq “Spot” 1-noyabrdan “korobka” holatdagi uy-joylar uchun ipoteka kreditlari hamda subsidiya ajratishga ruxsat berilishi haqida yozgandi.