“Spot” avvalroq yozganidek, Ukrainadagi urush va sentabr oyi oxirida Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qilinishi O‘zbekiston ijara bozoriga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.
Markaziy bank sharhiga ko‘ra, iyul oyida respublika bo‘yicha ijara narxlari mehnat ta’tili davri va o‘quv yilining yakunlanishi ta’sirida 2,5%ga pasaygan bo‘lsa, avgust-sentabr oylariga kelib 17% o‘sgan.
Aholi tomonidan sezilayotgan ijara haqining oshishi inflyatsion kutilmalarda ham o‘z aksini topdi.
“OLX” ma’lumotlariga ko‘ra, narxlar olti oy davomida ketma-ket ko‘tarilmoqda — aprel oyidan beri 50%ga, 2021-yilning mos davriga nisbatan esa 41%ga o‘sgan.
Joriy yil boshida bir xonali “kvartira"ni o‘rtacha $300 ga olish mumkin bo‘lga bo‘lsa, sentabr oyida bu ko‘rsatkich 480$ga yetdi.
Ikki xonali uy-joy ijarasi bilan bog‘liq vaziyatda ham xuddi shunday manzara kuzatildi. Ukrainadagi urushdan oldin ijaraga olish narxi $700 bo‘lsa, hozir qariyb $1000ni tashkil etmoqda.
Uch xonali xonadonlar narxlari ham aprel oyidan beri o‘rtacha $790 dan $1200 ga yetdi.
Avgust va sentabr oyidagi narxlarni taqqoslaganda, bir xonalik xonadonlar 1%, ikki xonalik 16% ga, uch xonaliklar esa 44% ga o‘sdi.
Taklif tobora kamaymoqda
Ko‘chmas mulk bo‘yicha mutaxassis Aleksandr Yun so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qilinishi natijasida O‘zbekistonda, asosan Toshkentda uy-joy ijarasiga bo‘lgan talab keskin oshdi.
“Hozirda ijarachilar asosan 1−2 xonali uylarni izlashmoqda. Avvalari Toshkentda bunday “kvartira"larning narxi $300−400 atrofida bo‘lgan bo‘lsa, endi ularni $700−800 ga ham topish muammo bo‘lib qoldi”, — deydi Aleksandr.
U aynan $500−700 gacha bo‘lgan xonadonlar narxida keskin o‘sishni kuzatganini qayd etdi. $1000 va undan yuqori bo‘lgan kvartiralar narxida esa o‘zgarish deyarli bo‘lmagan. Ayni paytda ularga ham talab boshlanmoqda.
Yunning fikricha, ijaraga bo‘lgan talab ham naxrlar ham faqat o‘sib, taklif esa kamayib boradi. Hatto Chirchiq va Olmaliq shaharlarida joylashgan “kvartira"lar ham poytaxtga ulanadi — odamlar u yerda uy-joy sotib olib, ijarachi qo‘yishni boshlaydilar.
Ko‘chmas mulkka sarmoya kiritish kerakmi. Uy-joy xaridiga keladigan bo‘lsak, bu yerda hozircha sezilarli o‘sish bo‘lgani yo‘q. Faqat ijarabop bo‘lgan “kvartira"larning narxi biroz ko‘tariladi, deydi Yun.
Uning fikricha, bugungi kunda ijaraning yillik narxi “kvartira” narxining 10%izini qoplaydigan bo‘lsa, u holda uni sotib olishga arziydi.
“Fikrimcha, o‘rtacha hisobda bir xonadon ijarasi yiliga 10% olib kelishi kerak. Aytaylik, $100 ming turadigan „kvartira“ oyiga kamida $1000 ga ijaraga beriladi, $50 ming turadigani esa $500 keltiradi. Shunga ko‘ra, u 10 yil ichida o‘zini oqlaydigan bo‘lsa, albatta, bu foydali xarid bo‘ladi”, — deydi Aleksandr.
Xorij fuqarosiga “kvartira"ni ijaraga berish
“ESTE” advokatlik firmasining boshqaruvchi hamkori Zafar Tuxtashovga ko‘ra, agar qonunda belgilangan talablarga rioya qilinsa, uy-joyni ijaraga berish qiyin ish emas.
Birinchi navbatda, xorij fuqarolarining pasport yoki unga tenglashtirilgan hujjatlari bo‘lishi va vakolatli organlar so‘roviga binoan taqdim etilishi shart.
Boshqa davlat fuqarosiga uy-joyni ijaraga berishda o‘zbekistonliklarga qo‘llaniladigan tartib amalga oshiriladi.
Ijarachani ichki ishlar organlarida ro‘yxatdan o‘tish bilan bir qatorda tashrif maqsadini aniqlash, undan o‘zi haqidagi ma’lumotlarni O‘zbekistondagi ish beruvchi tasdiqlashini so‘rash tavsiya etiladi.
“Shuningdek, u haqida sobiq ish joylaridan so‘rash, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini tekshirish kerak. Bularning barchasi odamning ishonchli ekanligi haqida fikr beradi”, — deydi Zafar.
Shartnoma besh yilgacha muddatga tuzilishi mumkin, agar unda amal qilish muddati ko‘rsatilmagan bo‘lsa, u holda besh yilga tuzilgan deb hisoblanadi.
Hujjatga turar joy bilan birga berilgan mulkni qabul qilish va topshirish dalolatnomasini ilova qilish talab qilinadi.
Ijara shartnomasi tuzilgandan keyin uch kun ichida Davlat soliq xizmati organlarida hisobga olinishi kerak. Bu uy egasining javobgarligi hisoblanadi va bu talabni buzish jarima solinishiga olib keladi.
Shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Davlat soliq qo‘mitasining “my.soliq.uz” veb-saytidagi soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetida foydalanish mumkin bo‘lgan avtomatlashtirilgan axborot tizimi yaratildi.
U yerga hujjatning elektron nusxasi yuklanadi va uy-joy, uning mulkdori va ijarachisi haqidagi asosiy ma’lumotlar kiritiladi. So‘ng Soliq xizmati organlari tomonidan uy-joy mulkdoriga joriy yil uchun hisoblangan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘langanligi to‘g‘risidagi bildirishnoma shakllantiriladi va yuboriladi.
Daromad solig‘i stavkasi 12% ni tashkil qiladi, lekin talabalardan olingan daromad soliqqa tortilmaydi.
Xorij fuqarosiga “kvartira"ni qanday ijaraga berish va bunda nimalarga ahamiyat qaratish kerakligi haqidagi qo‘llanma bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.