Avstraliyaning “Motrex” kompaniyasi O‘zbekistonda elektromobillarni quvvatlash stansiyalarni ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy qilmoqchi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligining matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bu bo‘yicha kompaniya bilan “Yashnobod” innovatsion texnoparki o‘rtasida kelishuv imzolangan bo‘lib, loyiha qiymati $2,5 mln.ni tashkil etadi.
“Motrex” kompaniyasi 2001-yili Koreyada tashkil etilgan. Dunyo bo‘ylab to‘qqizta filiali mavjud bo‘lib, u orqali 70 dan ortiq mamlakatlarga avtomobil yetkazib beradi. 2012-yili kompaniya Avstraliyada ham filialini ochgan.
Avvalroq “Huawei” kompaniyasi O‘zbekistonda elektromobillarni jamlash uchun elektr quvvatlantirish stansiyalarini joriy etish istagida ekanligini ma’lum qilgandi.
Mamlakatda elektromobillarga talab ortib borayotganini davlat rahbari ham ta’kidlagandi.
Keyingi ikki yilda hududlarda ikki mingta quvvatlash stansiyalari tashkil etilib, bu stansiyalarga yer, mulk va foyda solig‘idan imtiyoz qo‘llaniladi.
Shu bilan birga, tadbirkorlarga quvvatlash stansiyalari orqali elektrni erkin narxda sotish huquqi beriladi.
Shuningdek, Turin politexnika universitetida elektromobillar bo‘yicha ilmiy laboratoriya tashkil etilib, soha bo‘yicha ixtisoslashgan mutaxassislar tayyorlanishi belgilandi.