Vengriyaning “Bonafarm Group” kompaniyasi bilan birgalikda Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida qo‘shma parrandachilik klasteri tashkil etiladi, deya xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Bu haqda O‘zbekistonning Vengriyadagi elchisi va “Bonafarm Group” kompaniyasi bosh ijrochi direktori bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ma’lum qilingan.
Kompaniya bosh ijrochi direktori Attila Chani O‘zbekistonda parrandachilik sohasi istiqbolli yo‘nalishlardan biri ekanligini qayd etdi.
Uning aytishicha, parranda go‘shti eng arzon oqsil manbalaridan biri bo‘lib, hozirgi kunda mamlakat aholisi sonining tez o‘sayotgani parranda go‘shti isteʼmoliga bo‘lgan ehtiyojni ham sezilarli darajada oshirmoqda.
Tahlil natijalariga ko‘ra, talabni qondirish uchun O‘zbekistonda yaqin 10 yil ichida har biri yiliga 60 mln tovuq go‘shti ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan ikkita yirik parranda go‘shtini qayta ishlaydigan zavod tashkil qilish mumkin.
Attila Chani mazkur loyihaga qiziqish bildirgan holda uni amalga oshirish imkoniyatlarini batafsil o‘rganish uchun yaqin kunlarda kompaniyaning ishchi guruhi O‘zbekistonga amaliy safari bilan borishini maʼlum qildi.
“Bonafarm Group” kompaniyasi 2009-yilda tashkil etilgan bo‘lib, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, chorvachilik, vinochilik, yem-xashak yetishtirish, go‘sht-sut mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan yetakchi korxonalarni birlashtirgan.