Davlat soliq qo‘mitasi yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun yollanma xodimlarni soliq organida hisobga qo‘yish bo‘yicha qo‘llanmani taqdim etdi.
Unga ko‘ra, tadbirkorlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan faoliyat turlari bo‘yicha 5 nafargacha xodimlarni yollash huquqiga ega.
Bunda tadbirkor va xodim o‘rtasida yozma shaklda mehnat shartnomasi tuziladi.
Shundan so‘ng, tadbirkor uch ish kuni ichida xodimni davlat soliq xizmati organida hisobga qo‘yish to‘g‘risida ariza yuborishi kerak. Bu elektron shaklda amalga oshirilishi mumkin.
Portal orqali ariza berish
Buning uchun yakka tartibdagi tadbirkor ERI kalitidan foydalangan holda Elektron soliq xizmatlari portali orqali shaxsiy kabinetiga kirib, xizmatlar qatoridan “Yollangan xodimlarni ro‘yxatdan o‘tkazish” bandini tanlashi kerak.
Yollanma xodimlarni hisobga qo‘yish uchun ochilgan ariza shakliga yollanma xodimning STIR yoki JSHSHIR (PINFLini kiritish lozim.
Shundan so‘ng yollanma xodimning to‘liq ismi, pasport seriyasi, raqami, berilgan joyi va yashash manzili ko‘rsatilgan maydonlar avtomatik ravishda to‘ldiriladi.
Ochilgan oynadagi “Faoliyat turi” maydonida yakka tartibdagi tadbirkor shug‘ullanadigan faoliyat turi tanlanishi kerak.
“Faoliyat amalga oshirish joyi” maydoni avtomatik ravishda to‘ldiriladi. Yollanma xodimning telefon raqami va mehnat shartnomasi muddati qo‘lda kiritiladi.
Mehnat shartnomasi. Shuningdek, tuzilgan mehnat shartnomasini PDF formatida yuklab olish lozim.
Mehnat shartnomasi namunasini havola orqali olish mumkin.
Yuqoridagi barcha amallar bajarilgandan so‘ng, “Arizani jo‘natish” tugmasini bosish lozim.
Arizalarni ko‘rib chiqish
Taqdim etilgan ariza 1 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Yollanma xodim soliq organlarida hisobga qo‘yilgandan so‘ng, u haqidagi ma’lumotlar “Ro‘yxatdan o‘tkazilgan xodimlar ro‘yxati” bo‘limida aks etadi.
Ochilgan oynadagi jadvalda hisobga olingan yollanma xodimlarning to‘liq ro‘yxati shakllanadi.
Ularning har biri haqida quyidagi fayllarni yuklab olish mumkin:
- ariza;
- kartochka (soliq organlarida hisobga qo‘yilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma);
- faoliyatini vaqtincha to‘xtatganligi to‘g‘risidagi bildirishnoma.
Xodimni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish to‘g‘risidagi ariza berilgan kundan e’tiboran 1 ish kunidan kechiktirmay xodimning QR-kodli ro‘yxatga olish kartasi yakka tartibdagi tadbirkorning shaxsiy kabinetiga yuboriladi.
Muddati o‘tgan ro‘yxatga olish kartasi amal qilish muddati tugagan deb hisoblanadi.