Markaziy bank 1-oktabr holatiga O‘zbekistonning xalqaro zaxiralariga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.
So‘nggi oylarda oltin-valyuta zaxiralarida sezilarli pasayish kuzatilmoqda.
Xususan, joriy yilning 1-oktabr holatiga oltin-valyuta zaxiralari $33,4 mlrd.ni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan $500 mln.dan ziyodga kamayganini ko‘rish mumkin.
Sentabr oyi davomida oltinning fizik hajmi 12,3 mln troya unsiyadan 12,5 mln troya unsiyaga oshgan bo‘lsa, qiymati $21 001,9 mln.dan $20 997 mln.ga pasaygan.
Shuningdek, zaxira aktivlari tarkibidagi xorijiy valyuta zaxiralari ham avgust oyidagi $12 mlrd ko‘rsatkichdan sentabr oyiga kelib yarim mlrd.ga kamaygan — $11,5 mlrd.
“O‘zbekiston yalpi xalqaro zaxiralari joriy yil boshidan $1,64 mlrd.ga yoki 4,7%ga kamaydi. Bunda oltin narxining yil boshidagi $1799,25 dan $1672,75 gacha pasayishining ta’siri $1,59 mlrd.ni tashkil qildi”, deyiladi Markaziy bank izohida.
Avvalroq Jahon Oltin Kengashi O‘zbekistonni oltin sotib oluvchilar TOP-3 ligiga kiritgandi.