Hukumat qarori bilan tadbirkorlarning qonunni buzish xavfi darajasidan kelib chiqib, “xavfni tahlil etish” tizimiga qo‘yiladigan minimal talablar tasdiqlandi.
Bunda nazorat qiluvchi organlar teksgiruvni tashabbus qiluvchi mazkur tizimni ishlab chiqishi belgilangan.
Hujjat bilan quyidagilar belgilandi:
- tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobini yuritish shakllari;
- kitobga kiritiladigan tekshiruvlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar va ularni kiritish tartibi;
- kitobni to‘ldirish tartibiga rioya qilishni monitoring qilish va uning hisobini yuritish.
Shuningdek, nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslarini tadbirkorlar faoliyatini tekshirish huquqini berish yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish tartibi belgilanadi.
Attestatsiyadan o‘tgan xodimga tadbirkorlar faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma beriladi.
Sentabr oyida qabul qilingan prezident qarori bilan tadbirkorlar faoliyatida tizimda belgilanmagan tekshiruvlarni o‘tkazish ta’qiqlanadi.
O‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga oladi hamda joriy yilning 1-noyabridan kuchga kirishi belgilangan.
Shuningdek, unda ro‘yxatga olinmagan tekshiruvlarni o‘tkazish noqonuniy hisoblanadi.
O‘tkazilgan tekshiruvlarning natijalari hamda profilaktika tadbirlari to‘g‘risida ma’lumot tekshiruv yoki profilaktika tadbirlari tugagan kundan boshlab uch kun muddatda “Yagona davlat nazorati” axborot tizimiga kiritiladi.
Nazorat qiluvchi organlar “xavfni tahlil etish” tizimi natijalariga asosan o‘tkaziladigan tekshiruvlarning boshlanishi haqida kamida 10 ish kuni oldin tadbirkorlarni xabardor qiladi.
Shuningdek, qayta tekshiruv o‘tkazishga hamda avval taqdim etilgan hujjatlarni talab qilishga haqli emas.
Qanday holatda tadbirkor o‘z hududida tekshiruv o‘tkazilishiga qarshilik qila oladi
Tadbirkorlik nazorat qiluvchi mansabdor shaxslarni quyidagi hollarda tekshiruv o‘tkazish uchun o‘z hududiga qo‘ymaslik huquqiga ega:
- tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruq o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilmaganda;
- tekshiruv belgilangan tartibda tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan kelishilmaganda yoki u xabardor etilmaganda;
- tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma mavjud bo‘lmaganida;
- ular tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobiga ma’lumotlarni kiritishdan bosh tortganida.
Shuningdek, 2023-yildan boshlab “Yagona davlat nazorati” axborot tizimidagi davlat nazorati funksiyalari reyestriga kiritilmagan funksiyalar bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazish taqiqlanadi.