Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston avtomobil bozori faoliyatiga oid navbatdagi tahlillarni “Spot"ga taqdim etdi.
Unga ko‘ra, joriy yilning sentabr oyida mamlakatda sotilgan avtotransport vositalarining umumiy soni 122,8 mingtani tashkil etdi va avgust oyiga nisbatan 3%ga o‘sdi.
Yil boshidan buyon sotilgan avtomobillarning soni esa 1,1 mln.ni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 barobar ortgan.
Joriy yilning 1-mayidan import qilinadigan avtomobillarni olib kirish uchun bojxona bojlari pasayganiga qaramay, yil boshidan beri ularni sotish hajmi 1,3 baravardan oshmadi.
Mahalliy avtomobillarni sotish esa ushbu davrda 1,6 baravarga oshgan.
Xususan, sentabr oyida mahalliy ishlab chiqarilgan 26 mingta yangi yengil avtomobil sotilgan bo‘lib, natijada avgust oyiga nisbatan 58%ga o‘sish kuzatilgan.
O‘tgan yilning sentabr oyida birlamchi bozorda avtomobillarning oylik savdosi 2,3 baravar oshgandi.
Shu bilan birga, bir oy ichida birlamchi avtomobil bozorida taklif hajmi 43%ga oshganini ekspertlar avgust oyi oxirida “UzAuto Motors” tomonidan yangilangan “Chevrolet Tracker” avtomobillariga shartnomalarning berilishi bilan izohlamoqda.
Yangi avtomobillar yetkazib berish hajmining ortishi hisobiga sentabr oyida ikkilamchi bozorda sotuv hajmi avgust oyiga nisbatan 5,4%ga kamaydi.
Joriy yilning sentabr oyida xorijda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar sotuvi soni 1,9 mingtani tashkil etdi va bir oyda bu ko‘rsatkich 1,6%ga o‘sdi.