Janubiy Koreyaning “LG” kompaniyasi ishlab chiqarishni Rossiyadan O‘zbekiston yoki Qozog‘istonga ko‘chirishni rejalashtirmoqda, deya xabar bermoqda “Kommersant” gazetasi.

Nashrning maishiy texnika bozoridagi manbasi “LG” rahbariyati Rossiyadagi zavodni yopish va ishlab chiqarishni O‘zbekistondagi “Artel” zavodlariga o‘tkazish imkoniyatlarini muhokama qilayotganini ta’kidlagan.

Uning soʻzlariga koʻra, Rossiyadagi “LG” kompaniyasi top-menejerlarining bir qismi Toshkentga koʻchirilgan.

“Artel Electronics"ning “Kommersant"ga xabar berishicha, hozirda “LG” bilan hamkorlik yoʻq va muzokaralar haqidagi ma’lumotlar oshkor qilinmayapti.

Ukrainadagi urush sababli kompaniya mart oyidan Rossiyada mahsulot yetkazib berishni toʻxtatgandi.

“Ishlab chiqarishni O‘zbekistonga o‘tkazish Qozog‘istondan ko‘ra foydaliroq bo‘ladi, chunki ishchi kuchi arzon. Ammo Qozog‘istonda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadlar sezilarli darajada yuqori bo‘lgani kompaniya uchun foydaliroq”, — deydi “Finam” tahlilchisi Leonid Delitsin.


Avvalroq “Huawei” kompaniyasi Rossiyadagi xodimlarining bir qismini O‘zbekiston va Qozog‘istonga ko‘chirgandi.