Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozoridagi talab o‘zgarishlari tahlil qilindi.

Joriy yil sentabr oyida O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19%ga (+3,7 ming) oshdi.

Umuman, yil boshidan beri, uy-joy savdosining o‘sishi 9,7%ni (195,7 mingta) tashkil etdi.

Eng yuqori o‘sish sur’atlari Qoraqalpog‘istonda — 50%, shuningdek, Sirdaryo — 42%, Jizzax — 39% va Namangan viloyatlarida — 50% qayd etildi.

Shu bilan birga, joriy yilning avgust oyiga nisbatan ko‘chmas mulk savdosining biroz pasayishi kuzatildi.

Bu asosan o‘quv yilining boshlanishi va chet el fuqarolari sonining sezilarli darajada ko‘payishi tufayli ijaraga beriladigan uy-joylarga talabning oshishi bilan bog‘liq.

Shunday qilib, Toshkent shahrida 1 kv.m uchun o‘rtacha ijara narxi yil boshidan buyon 22,4%ga oshdi.

Ikkilamchi bozorda narxlarning o‘zgarishi

Hisob-kitoblar shuni ko‘rsatadiki, sentabr oyida ikkilamchi bozorda uy-joy narxining o‘rtacha o‘sish sur’ati oyiga 1,1%ni tashkil etdi (avgust oyida-0,5%, iyul oyida-2,5%).

Uy-joy narxining sezilarli o‘sishi Namangan — 5,9%, Jizzax — 4,5% va Farg‘ona viloyatlarida — 4,4% kuzatilmoqda.

Narxlarning pasayishi esa Qoraqalpog‘istonda — 4,3%, Xorazm — 1,7% va Qashqadaryo viloyatlarida — 0,4% qayd etildi.

Yil boshidan beri ikkilamchi bozorda 1 kv.m uchun o‘rtacha uy-joy narxi 8,9%ga oshdi.


Avvalroq “Spot” joriy yilda O‘zbekistonda uy-joy sotuvi bo‘yicha shartnomalar soni qariyb 80 mingga yetgani haqida yozgandi.