17−23-oktabr kunlari O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi tomonidan ochiq birja savdolari orqali jami 2,6 trln so‘mlik tovar resurslari sotildi. Bu haqda kompaniyaning matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mahsulotlar sotuvchi korxonalar tomonidan tasdiqlangan jadvallar asosida birja savdolariga qo‘yildi.
O‘tkazilgan savdo natijalariga ko‘ra, birjaning paxta yog‘i bozorida narx bo‘yicha pasayish kuzatildi.
Hafta davomida birja savdolariga 1 437 tonna paxta yog‘i sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 60 xaridor ishtirok etdi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 287 tonnani tashkil qildi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda barcha navli paxta yog‘ining kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 16,1 mln so‘mdan 15,6 mln so‘mgacha, ya’ni 2,9% ga pasaygan.
Birjaning sement bozoridagi narxlari ham pasayishni qayd etdi.
O‘tgan hafta mobaynida birja savdolarida 125,6 ming tonna sement sotildi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 25,1 ming tonnani tashkil qildi.
Narxlar sementning bir tonnasi uchun 596 ming so‘mdan 590 ming so‘mgacha pasaydi.
Shuningdek, o‘tgan haftada birjaning polietilen bozorida narxlar pasayishi qayd etildi.
Hafta davomida birja savdolariga 1 553 tonna polietilen qo‘yildi va ulardan barcha hajmi sotildi. Polietilenning o‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 311 tonnani tashkil qildi.
Polietilenning bir tonnasi uchun narxlar 17,3 mln so‘mdan 16,4 mln so‘mgacha, ya’ni 5,0% ga pasaydi.