25-oktyabr kuni IT taʼlim forumi doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “IT-Park” va “Coursera” kompaniyasi vakili bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Bu haqda “Spot” muxbiri xabar berdi.

Uchrashuv yakunida mazkur kompaniya bilan hamkorlik memorandumini imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Unga ko‘ra, 2023-yildan boshlab 1,2 mln yoshlar ITning 3 ta asosiy yo‘nalishi (Frontend, Python course, IT-English) bo‘yicha “Coursera” platformasida onlayn kurslarda qatnashishi va tegishli sertifikatlarni olishlari mumkin.

Qayd etilishicha, ushbu kurslarni bitirgan va sertifikatni qo‘lga kiritgan yoshlar IT kompaniyalarda yuqori daromadli ishlarga qabul qilinishlari yoki frilans orqali buyurtmalar olishlari mumkin.

Coursera” xalqaro ochiq onlayn ta’lim platformasi bo’lib, u bir qator kognitiv va ta’lim dasturlarini, jumladan, interfaol loyihalar va o‘zaro sharhlar, kurslar, mutaxassisliklar, dastur sertifikatlarini taklif etadi.

Shuningdek, Illinoys, Duke, Google, IBM, Stenford, Imperial College London va boshqalar kabi yetakchi kompaniyalar va universitetlar bilan hamkorlik qiladi.


Avvalroq “Spot” “Yandex” 2023-yil O‘zbekistonda dasturlash maktabini ishga tushirishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.