Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-avgust kuni tadbirkorlar bilan uchrashuvda bir qator tashabbuslarni bildirgandi.
Ular qatorida tadbirkorlarga nisbatan yangi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga 3 yillik moratoriy e’lon qilish, savdo qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni to‘liq bekor qilish kabilar ham bor edi.
Mazkur tashabbusning ijrosini ta’minlash maqsadida Biznes-ombudsman tomonidan tadbirkorlarning huquqiy himoyasi bo‘yicha farmon loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan.
Unga ko‘ra, 2023-yildan tadbirkorlarga nisbatan yangi turdagi javobgarlik va jazo choralarini belgilashga uch yillik moratoriy joriy etiladi.
Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish jarayonini murakkablashtirishni va yangi majburiyatlar yuklatishni nazarda tutadigan normativ-huquqiy hujjatlar olti oydan oldin bo‘lmagan muddatda kuchga kiritiladi.
Shuningdek, ularga majburiyatlar yuklaydigan yangi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan talablarni bajarmaganlik uchun olti oy davomida javobgarlik choralari qo‘llash taqiqlanadi.
Bundan tashqari, savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzganlik uchun belgilangan jinoiy javobgarlik ma’muriy yurisdiksiyaga o‘tkazish orqali bekor qilinadi.
Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq qonunchilik talablariga rioya etmaganlik uchun belgilangan moliyaviy sanksiyalar miqdorlari kamida 30%ga kamaytiriladi.
Bunda moliyaviy sanksiyalar summasi o‘n besh kunlik muddatda ixtiyoriy ravishda to‘langanda jarima miqdori belgilangan miqdorga nisbatan ikki baravarga kamaytiriladi.
Shu bilan birga, birinchi marta huquqbuzarliklar sodir etgan mikro va kichik tadbirkorlik subyektlariga moliyaviy sanksiya choralari qo‘llanilmaydi.
Loyiha bilan bu yerda batafsil tanishish va izoh qoldirish mumkin.