Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-oktabr kuni Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Viloyatda joriy yilda 10 mingta tadbirkorlik faoliyati tashkil etilib, ularning sonini 80 mingtaga yetkazish, 9 trln so‘m investitsiya jalb qilish ko‘zda tutilgan.

Qayd etilishicha, buning natijasida 810 ta sanoat loyihalarini amalga oshirilib, 430 mingta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov shu borada qilingan ishlar to‘g‘risida hisobot berdi va yil yakunigacha hamda kelgusi yilga mo‘ljallangan vazifalar muhokama qilindi.

Jumladan:

  • ijtimoiy sohada 174 ta maktab, bog‘cha va poliklinika qurish va ta’mirlash;
  • 1,5 ming kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortish;
  • 1,8 ming kilometr ichki yo‘llarni ta’mirlash rejalashtirilgan.

Birinchi navbatda, tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish masalasiga e’tibor qaratilib, bu orqali kelgusi yil viloyatda 207 mingta ish o‘rni yaratish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Viloyatda katta salohiyatga ega yana bir soha — sanoat. Bu yo‘nalishda 960 ta loyihani amalga oshirib, 20 ming nafar aholini band qilish mumkinligi ta’kidlandi.

Uchinchi muhim yo‘nalish — qishloq xo‘jaligi. Jumladan, 18 ming gektar maydonda suv ta’minotini yaxshilab, qo‘shimcha 90 mlrd so‘mlik mahsulot yetishtiriladi.

Bunda 66 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilib, 10 ming gektar paxta va g‘alla maydonini qisqartirish hisobiga 32 ming oila, umuman bu sohada 295 ming nafar aholi bandligini ta’minlash mumkin.

Hududda tadbirkorlikni rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash va ijtimoiy sohadagi muammolarni hal etish uchun 2023-yilda respublika budjetidan 685 mlrd so‘m ajratilishi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, 2023 va 2024-yillarda ichimlik suvi va avtomobil yo‘llari loyihalariga qo‘shimcha $410 mln jalb qilish bo‘yicha topshiriq berildi.


Avvalroq prezident transport sohasida islohotlarni jadallashtirish masalasi boʻyicha yigʻilish oʻtkazgandi.