Aprel oyida 1-oktabrga qadar mahalliy aviaqatnovlarga moʻljallangan yangi “Silk Avia” aviakompaniyasi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.
Aviakompaniya 2025-yilgacha 70 yo‘lovchini sig‘dira oladigan 10 ta ATR 72−600 samolyotlarini xarid qiladi. Bu haqda aviakompaniya direktorining rivojlanish bo‘yicha o‘rinbosari Ruslan Rustamov “Spot"ga ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, hududiy aviakompaniyani yo‘lga qo‘yishdan asosiy maqsad aholining harakatchanligini oshirish, ichki turistlar oqimi va ishbilarmonlik faolligini jonlantirish, mamlakatda onlayn chiptalar savdosini rivojlantirishdan iborat.
“Birinchi bosqichda uchta samolyot, 2023-yilda yana uchta yangi avlod samolyotini olamiz. 2025-yilga borib rejalashtirilgan 40 ta yoʻnalishni toʻliq qamrab olish maqsadida avtoparkni 10 taga yetkazishni rejalashtirganmiz”, — dedi Ruslan Rustamov.
Aviakompaniya birinchi bosqichda Navoiy va Qarshidan tashqari respublikaning deyarli barcha shaharlarini qamrab olishni rejalashtirgan.
Kompaniya vakilining ma’lum qilishicha, keyinchalik mazkur hududlar ham parvozlar roʻyxatiga qoʻshiladi.
Taqdimotda chiptalar narxi va uchta asosiy tarif ham taqdim etildi:
Tarif | Narxi (soʻmda) | Qoʻl yuki | Bagaj | Qoʻshimcha toʻlov bilan qayta rasmiylashtirish | Pulni qaytarish imkoniyati |
Oson | 180 mingdan | 5kg | - | Bor | Yoʻq |
Oddiy | 270 mingdan | 5kg | 10 kg | Bor | Yoʻq |
Omad | 335 mingdan | 5kg | 15 kg | Qoʻshimcha toʻlovsiz | Mavjud |
Birinchi ikki tarifda ortiqcha yuk uchun qo‘shimcha to‘lov 1 kg uchun 30 ming so‘mni tashkil qiladi.
Kompaniya vakilining aytishicha, hozirda jamoa va barcha ish jarayonlarini tashkil etish ishlari olib borilmoqda.
Birinchi reyslarning ochilish sanalari va boshlanishi hozircha noma’lum.
Avvalroq “Spot” “Qanot Sharq” aviakompaniyasi lizingga olgan Аirbus А321neo samolyoti keltirilgani haqida yozgandi.