Samarqandda boʻlib oʻtayotgan “ICTWEEK Uzbekistan 2022” haftaligi doirasida “IT Park” direktori Farxod Ibragimov hamda “ZTE Uzbekistan” bosh direktori Van Guandun bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Bu haqda “ITPark” matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda “ZTE” kompaniyasi bilan Samarqand va Farg‘onada yangi BPO markazlarini qo‘llab-quvvatlash va ochish uchun $100 ming miqdorida mablag‘ ajratish to‘g‘risida protokol imzolandi.

Mazkur BPO markazlari zarur uskuna va texnikalar bilan jihozlanadi. Bundan tashqari, yangi muassasalar tufayli Samarqand va Farg‘onada yangi ish o‘rinlari ochiladi.

BPO (Business Process Outsourcing, biznes jarayonlari autsorsingi) autsorsing turlaridan biri bo‘lib, bunda tashkilot asosiy bo‘lmagan biznes jarayonlarini boshqa kompaniyaga o‘tkazadi.

Bundan avval “IT Park” va “Huawei” kompaniyasi hamkorlikda O‘zbekistonda BPO markazlarini ishga tushirish bo‘yicha protokol imzolagandi.

Unga koʻra, Termiz va Namangan shaharlarida smart va yashil yechimlarga asoslangan BPO markazlarini ochishga kelishildi.


Avvalroq “Spot” “Huawei” va “ZTE” O‘zbekistonda qiymati $506 mlnlik 4 ta loyihani amalga oshirishi haqida yozgandi.