“Korobka” holatdagi uy-joylar uchun ipoteka kreditlari hamda subsidiya ajratishga ruxsat beriladi
2022-yil 1-noyabrdan “korobka” holatdagi uy-joylar uchun ipoteka kreditlari hamda subsidiya ajratishga ruxsat beriladi.
Prezident qarori bilan 2021-yilda berilgan subsidiya ajratish to‘g‘risidagi xabarnomalarning amal qilish muddati 2022-yil 31-dekabrgacha uzaytirildi.
“O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” tijorat banklari tomonidan aholiga berilgan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtiradi.
Buning uchun 3 yil muddatga 12% stavkada va foiz to‘lovlarini har 6 oyda to‘lash sharti bilan 300 mlrd so‘mgacha budjet ssudasi ajratiladi.
Haydovchilik uchun tibbiy ma’lumotlarning elektron bazasi shakllantiriladi
Vazirlar mahkamasi qarori bilan haydovchi va haydovchilikka nomzodlarning avtomototransport vositasini boshqarishga yaroqliligi to‘g‘risidagi tibbiy ma’lumotlarning yagona elektron bazasi shakllantiriladi.
Shuningdek, yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining avtomatlashtirilgan Yagona axborot tizimiga integratsiya qilinadi.
Yoshlarga kompyuter xarid qilish uchun iste’mol kreditlari ajratiladi
IT-park rezidenti bo‘lgan tashkilotlarning axborot texnologiyalari sohasida tahsil olayotgan ishtirokchi sertifikatini olgan yoki ushbu o‘quv kurslarini so‘nggi 6 oyda muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga kompyuter xarid qilish uchun BHMning 25 baravarigacha (7,5 mln so‘mgacha) iste’mol kreditlari ajratiladi.
Bunda mablag‘larni “Xalq banki”, AT “Aloqa bank” va “Mikrokreditbank” tomonidan olish mumkin.
Tadbirkorlarning eksport sharoiti kengaytiriladi
Prezident farmoni bilan bir eksport shartnomasi doirasida kelib tushmagan valyuta summasi eksportga yuklangan jami mahsulot narxining 5%idan oshmagan taqdirda muddati o‘tgan debitor qarzdorlik hisoblanmaydi va tadbirkorga nisbatan jarima qo‘llanilmaydi.
Shuningdek, eksport qiluvchi tashkilotlarga foyda solig‘i va aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha soliq solinadigan bazani kamaytirish ko‘rinishidagi imtiyozlar tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumdagi eksport hajmining ulushidan qat’i nazar qo‘llaniladi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar faoliyati turlari kengaytiriladi
Prezident qarori bilan 10 ta faoliyat turi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga kiritiladi.
Mazkur hujjat bilan unga quyidagilar kiritilgan:
- uy hayvonlari (qoramol, qo‘y, echki, ot va boshqalar) bozorlarida vositachilik xizmati;
- avtomobil bozorlarida vositachilik xizmati;
- rieltorlik xizmatini ko‘rsatish (ijaraga uy topib berish, uy sotib olish va sotishga ko‘maklashish);
- uyda sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash va sotish xizmati;
- maishiy buyumlarni ijaraga berish xizmati (stol-stul, idish-tovoq, asbob-uskuna va boshqalar);
- gips va ganchdan buyumlar yasash (uy jihozlari, ertak qahramonlari haykallarini yasash);
- tosh va tosh mahsulotlaridan yodgorlik, suvenir va dekorativ buyumlar tayyorlash;
- yog‘och mahsulotlaridan savat, non mahsulotlari uchun maxsus idish va boshqa buyumlarni to‘qish;
- uy sharoitida pilla yetishtirish, shaxsiy tomorqa yer uchastkasida tut mevasi, niholi va ko‘chatini yetishtirish, uyda ipak mato, ipak gilam to‘qish va sotish;
- kulolchilik.
Shuningdek, tomorqa yer uchastkalari egalarini kooperatsiya va kasanachilik asosida ish bilan band qilgan tadbirkorlarga quyidagilarni xarid qilish hamda keyinchalik tomorqa yer egalariga taqdim etish uchun subsidiya ajratiladi:
- parranda (tovuq, bedana, o‘rdak, g‘oz, kurka), parrandani saqlash uchun katak, ozuqa yemi hamda dori vositalari;
- uzum ko‘chati va tok so‘risi;
- asalari oilasi, asalari uyasi uchun quti hamda ozuqa yemi;
- quyon, quyon katagi va ozuqa yemi;
- baliq chavoqlari, sun’iy hovuz va ozuqa yemi.
Pullik “parkovka"lar tashkil etiladi
Prezident qarori bilan Toshkentning 10 ta markaziy koʻchasida davlat-xususiy sheriklik asosida avtomobillarning avtomatlashtirilgan yoʻlboʻyi pullik toʻxtash joylari tashkil etiladi.
Bu tirbandlikni, avtotransport oqimini kamaytirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Roʻyxatga Fidokor, Amir Temur, Nukus, Bratislava, Mirobod, Glinka, Avliyoota, T.Shevchenko, Said Baraka, Moshtabib, Yakub Kolas koʻchalari kiritilgan.
Sirdaryoda nikoh tuzish va nikohdan ajratishni qayd etish bo‘yicha huquqiy eksperiment o‘tkaziladi
Nikoh tuzish va nikohdan ajratishni qayd etish uchun arizalarni Sirdaryo viloyatidagi tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilish bo‘yicha huquqiy eksperiment o‘tkaziladi.
Mazkur tajriba 1-noyabrdan 2023-yilning 1-iyuligacha amalga oshiriladi.
Adliya vazirligi o‘tkazilgan huquqiy eksperiment natijalari bo‘yicha ushbu davlat xizmatlarini davlat xizmatlari markazlari orqali joriy etish maqsadga muvofiq deb topilgan taqdirda, qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish haqidagi takliflarni 2023-yil 1-avgustga qadar beradi.
Shifokorlarga ehtiyoj bor hududlarda talabalar ishga joylashtiriladi
Sog‘liqni saqlash vazirligi hokimliklar bilan birgalikda shifokorlarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlagan holda respublikaning barcha hududlarida mavjud vakant lavozimlarga talabalar, magistr va klinik ordinatorlarni ishga joylashtirish choralarini ko‘radi.
Tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarining bitiruvchi kurs talabalariga tegishli tibbiyot muassasalarining tajribali shifokorlari va tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari biriktiriladi.
Talabalarga biriktiriladigan tegishli tibbiyot muassasalarining shifokorlariga Tibbiyot muassasalarining moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan ustamalar belgilanadi.