Yagona integrator “UZINFOCOM” tomonidan sun’iy intellekt texnologiyalari asosida o‘zbek tilida muloqot qiluvchi “Muxlisa — ovozli yordamchi” loyihasi ishlab chiqilmoqda. Bu haqda kompaniya “Spot"ga ma’lum qildi.
U orqali sun’iy intellekt texnologiyalari asosida o‘zbek tilidagi matnni nutqqa (text to speech) va ovozli ma’lumotlarni matnga (speech to text) o‘tkazuvchi hamda o‘zbek tilidagi ovozli buyruqlarni amalga oshirish mumkin bo‘ladi.
Loyiha natijasida yig‘ilishlar, uchrashuvlar va boshqa shu kabi tadbir bayonlarini (protokol) tuzish jarayonini avtomatlashtirish, TV, turli xil o‘zbek tilidagi video va audiolardagi inson nutqining matn shaklini (transikripsiya) hosil qilish hamda ko‘zi ojizlar uchun axborot olish va axborot almashish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, ilova orqali:
- ovozli interfeys orqali kerakli ma’lumotlarni qidirish;
- call-markazlar aqlli yordamchi yordamida avtomatlashtirish;
- mobil telefon, kompyuterlar va internetdan foydalanuvchi bilan aloqa o‘rnatish uchun uning nutqidan foydalanish;
- aqlli uy va qurilmalar, kompyuter tizimlarini boshqarishda o‘zbek tilidagi buyruqlarni yaratish hamda boshqaruv tizimini ishlab chiqish mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari “Muxlisa — aqlli yordamchi” mavjud mobil, kompyuter, aqlli uy qurilmalarini sof o‘zbek tilida boshqarish, davlat va xususiy sektor tizimida tatbiq etish belgilangan.
Kompaniya vakili Davlatbek Nasirovning qo‘shimcha qilishicha, loyiha 2023-yilning oxirigacha tugatilib, 2024-yilda ishga tushirilishi belgilangan.
“Dastlab loyihaning ilovasi taqdim etiladi. Keyinchalik uni barcha tizimlarga integratsiya qilish ko‘zda tutilgan. Ilovadan foydalanish aholi uchun bepul bo‘ladi”, — dedi u.
Hozir loyiha doirasida “UZINFOCOM” tomonidan 3 mln.dan ortiq o‘zbek tilidagi matnlar hamda 3,5 mingdan ortiq ovozli ma’lumotlar tizimga joylashtirilgan.