Prezidentning mahalliy aviaqatnovlarni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2023-yil martdan Samarqand-Nukus, Samarqand-Mo‘ynoq, Samarqand-Termiz, Buxoro-Termiz, Namangan-Termiz va Namangan-Nukus kabi yangi yo‘nalishlarda muntazam aviaqatnovlar boshlanadi.
Shuningdek, Shahrisabz va Sariosiyo aeroportlariga aviaqatnovlar tiklanib, Zomin aeroportiga ham parvozlar yo‘lga qo‘yiladi.
Aviaqatnovlar jadvalini yo‘lovchilar uchun qulay bo‘lgan temir yo‘l, avtobus va mikroavtobus yo‘nalishlari bilan integratsiyalash orqali yagona logistika tizimini yaratish choralari ko‘riladi.
Rezident aviakompaniyalarga ichki turizm yo‘nalishlaridagi aviaqatnovlar uchun avia chipta narxining 25%i miqdorida davlat budjetidan subsidiya ajratish muddati 2026-yilgacha uzaytiriladi.
Shuningdek ular, 2028-yil 1-yanvargacha O‘zbekistonga olib kiriladigan, havo kemalariga xizmat ko‘rsatish texnikasi, asbob-uskuna, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar, texnik hujjatlar va dasturiy ta’minot uchun bojxona to‘lovlarini to‘lashdan ozod qilinadi.
Mahalliy aviqatnovlar sonini oshirish maqsadida “Silk Avia” aviakompaniyasi 2025-yilgacha 70 yo‘lovchini sig‘dira oladigan 10 ta ATR 72−600 samolyotlarini xarid qilishi haqida xabar berilgandi.
Aviakompaniya birinchi bosqichda Navoiy va Qarshidan tashqari respublikaning deyarli barcha shaharlarini qamrab olishni rejalashtirgan.
Kompaniya vakilining ma’lum qilishicha, keyinchalik mazkur hududlar ham parvozlar roʻyxatiga qoʻshiladi.