Samarqandda o‘tkazilgan “ICT Week 2022” forumi doirasida Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) a’zo davlatlar texnoparklarining panel muhokamasi o‘tkazildi.
Panel muhokamada texnoparklar vakillari IT xizmatlari eksporti hajmini yanada oshirish, shuningdek, rezident kompaniyalar va startaplarning tashqi bozorlarga chiqishi uchun TDT texnoparklarini integratsiyalashuvini muhokama qildi.
Shuningdek, dasturiy mahsulotlar eksporti va importiga oid me’yoriy-huquqiy baza darajasini sezilarli darajada yangi bosqichga olib chiqish maqsadida IT-xizmatlarini eksport qiluvchi kompaniyalar uchun soliq qonunchiligini takomillashtirish strategiyasini ishlab chiqish zarurligini ta’kidlandi.
Texnoparklar rahbarlari TDT mamlakatlari texnoparklar qo‘shma assotsiatsiyasi tashkil etish bo‘yicha muhokama olib bordi.
Assotsiatsiyaning maqsadi ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasida IT-sanoat sohasida hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.
Muloqot ishtirokchilari Turkiy davlatlar tashkiloti texnoparklarining panel bayonnomasini imzoladilar. Bayonnomada quyidagi vazifalar belgilandi:
- texnoparklarning IT-sohasini rivojlantirish va IT-xizmatlarini eksport qilish tajribasini chuqur o‘rganish;
- AQSh bozorida faoliyat yuritayotgan mahalliy startaplarni qo‘llab-quvvatlash;
- texnoparklar delegatsiyalarining tajriba almashish, texnologik tadbirkorlar va mutaxassislarning mahalliy hamjamiyati bilan tanishish maqsadida TDTga a’zo mamlakatlarga tizimli tashriflarini tashkil etish;
- axborot texnologiyalari, BPO va texnologik tadbirkorlik uchun bozorlar rivojlangan mamlakatlarga sayohatni amalga oshirish.
Joriy yilning sentabr oyida Ostonada o‘tkazilgan “Digital Bridge 2022” forumi doirasida TDT texnoparklari o‘rtasida memorandum imzolangandi.