Sovet Ittifoqi parchalanganidan so‘ng sobiq SSSRning ko‘pgina mamlakatlarida kichik va o‘rta biznesni (KO‘B) tashkil etish bilan bozor iqtisodiyotini qurish zarurati paydo bo‘ldi.

Aynan shu davrda, 1991-yili Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy faoliyatidan biri kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashdir.

“Spot” YeTTBning O‘zbekistondagi “Kichik biznes bo‘yicha maslahat” dasturi mutaxassisi Denis Torxov bilan kompaniyalar qanday qilib grantlar va moliyalashtirishlarga ega bo‘lishi mumkinligi, bank nima uchun yashil texnologiyalarni rivojlantirishga e’tibor qaratayotgani haqida suhbatlashdi.


YeTTB kichik va o‘rta biznes uchun nima taklif qiladi

Biz yordamning uch turini taklif qilamiz: grantlar, moliyalashtirish, treninglar (info-resurslar va ekspertiza).

Grantlar

Ayni paytda O‘zbekistonda biznes-maslahatchilar yordamiga muhtoj bo‘lgan kompaniyalar uchun YeTTBning asosiy vositasi bo‘lgan “Kichik biznes uchun konsultatsiyalar” grant dasturi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Grant olish huquqiga ega bo‘lish uchun kompaniya quyidagi mezonlarga javob berishi kerak:

  • xodimlar soni 500 kishidan oshmasligi kerak;
  • bozorda kamida ikki yil faoliyat olib borgan bo‘lishi lozim;
  • O‘zbekistondagi benefitsiarlarga tegishli xususiy mulk ekanligi (YeTTB davlat kompaniyalari bilan ishlamaydi);
  • kompaniyaning aylanmasi yiliga 50 mln yevrogacha bo‘lishi kerak.

Agar kompaniya barcha mezonlarga javob bersa, ularning obro‘sini tekshiramiz (kompaniya korrupsion yoki boshqa shubhali operatsiyalarga aralashmagan bo‘lishi kerak), biz o‘z biznesini rivojlantirishga sarmoya kiritish istagi bor-yo‘qligini bilish uchun menejer bilan gaplashamiz. Kompaniyaning moliyaviy barqarorligiga alohida e’tibor qaratiladi.

Grant olish uchun siz YeTTB xodimlari bilan telefon, ijtimoiy tarmoqlar orqali bog‘lanishingiz yoki elektron xat yozishingiz kerak bo‘ladi.

Aloqaga chiqqandan so‘ng, ariza shaklini to‘ldirish, shuningdek, so‘nggi ikki yil uchun moliyaviy hisobotlarni, ta’sis etilganlik guvohnomasini va ta’sis ustavini yuborish talab etiladi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Keyingi bosqichda bank consultant tanlaydi, texnik topshiriq tuziladi va grant shartnomasi imzolanadi. Kompaniya maslahatchi xizmatlarini to‘liq qoplaydi. Keyinchalik, ish tugagandan so‘ng, YeTTB xarajatlarning atigi 75%ini (tadbirkorlar uchun — 85%) qoplaydi, 25%ini kompaniyaning o‘zi to‘laydi.

Grant miqdori bo‘yicha cheklovlar yo‘q. Biz biznesning ehtiyojlaridan kelib chiqamiz: hatto kichik konsultatsiya loyihasi ham kimgadir yordam beradi, kimdir esa to‘liq va qimmat ekspertizasiz buni eplay olmaydi. Aytish joizki, YeTTB granti qiymati o‘rta hisobda 10 000 yevrodan oshmaydi.

Grant mablag‘lari konsalting xizmatlarini ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan, masalan, buxgalteriya hisobini avtomatlashtirish (1C), nou-xauni joriy etish, marketing tadqiqotlari, sayt ishlab chiqish.

Bunda ham mahalliy, ham xalqaro konsalting kompaniyalari ishtirok etishadi. Mahalliy biznes-maslahatchilarning saviyasi muttasil o‘sib bormoqda va bankimiz bunga katta kuch sarflamoqda.

Xususan, kichik va o‘rta biznes bilan ishlaydigan mahalliy mutaxassislarning kasbiy mahoratini oshirish maqsadida “Konsultativ biznesingizni rivojlantiring” ixtisoslashtirilgan o‘quv dasturini ishlab chiqdik.

2017-yildan buyon 220 nafar mahalliy va 13 nafar xalqaro mutaxassislar jalb etildi, 170 dan ortiq korxona uchun 233 ta loyiha amalga oshirildi. YeTTB granti ko‘magida Xiva va Toshkentdagi mehmonxonalar, omborxonalar va boshqa sanoat binolari uchun arxitektura loyihalari va energiyani tejash yechimlari ishlab chiqildi.

Kichik va o‘rta biznes uchun grantlar YeTTBning Kichik biznesga ko‘maklashish jamg‘armasi (Italiya, Yaponiya, Koreya, Lyuksemburg, Norvegiya, Shvetsiya, Shveytsariya, Tayvan va AQSh) va Yevropa Ittifoqining donor yordami tufayli amalga oshirildi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Grant mablag‘larini uskunalar sotib olish uchun ishlatib bo‘lmaydi. Buni YeTTBning navbatdagi vositasi — moliyalashtirish yordamida amalga oshirish mumkin.

Moliyalashtirish

Moliyalashtirish uchta yo‘nalishda amalga oshiriladi:

  1. Bevosita moliyalashtirish. YeTTB 5 mln yevrodan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri kreditlar beradi.

  2. Moliyalashtirish hamkor banklar bilan birgalikda amalga oshiriladi (“Hamkorbank”, “Ipak yo‘li”, “O‘zsanoatqurilishbank”). Shartnomaga ko‘ra, korxona teng miqdorda moliyalashtiriladi (50% — YeTTB mablag‘lari, 50% — banklar). Kredit berish milliy valyutada amalga oshiriladi. YeTTB tomonidan tekshiruvlar kamroq bo‘ladi. Moliyaviy hisobotlarni xalqaro standartlarga tarjima qilishga hojat yo‘q. Biroq, kredit miqdori 5 mln yevrodan kam qiymatni tashkil qiladi.

  3. Hamkor banklarga kredit liniyasi ajratish. Bank korxonalarga mablag‘larni mustaqil ravishda ajratadi. YeTTB butun portfelni ko‘radi, lekin har bir bitimda qatnashmaydi.

Yashil texnologiyalar haqida

YeTTB 2025-yilga kelib yashil iqtisodiyotga kamida 50% sarmoya kiritishni, ya’ni issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish, suv iste’molini kamaytirish, atrof-muhit va ekologik muammolari bilan bog‘liq loyihalarni amalga oshirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

O‘zbekistonda suv tanqisligi, tuproq bilan bog‘liq bo‘lgan va boshqa ko‘plab muammolar mavjud. Shu bilan birga, mamlakat quyosh va shamol ko‘rinishidagi qayta tiklanadigan energiyaning katta resurslariga ega. Ushbu turdagi energiyadan to‘g‘ri foydalanish uchun bu yerga texnologiyalar, bilim va moliyalashtirish kerak.

Shu bois barcha qo‘llab-quvvatlash dasturlari doirasida biz kichik va o‘rta biznesni “yashil” texnologiyalarga o‘tishni rag‘batlantiramiz.

Xususan, kompaniyalarni hamkor banklar tomonidan moliyalashda kreditor qarz oluvchiga kompaniya energiya tejovchi texnologiyani afzal ko‘rgani uchun rag‘bat sifatida 10%li keshbekni taklif qilishi mumkin.

Bu kredit miqdorini kamaytiradi. Korxonalar quyosh batareyalari, suv isitgichlari, elektromobillar va boshqalarni sotib olish uchun kredit olishlari mumkin.

Biznes-maslahatchilarni jalb qilish uchun grant dasturi doirasida kompaniya quyidagi xizmatlarga murojaat qilishi mumkin: energiya auditi, muhandislik yechimlari, atrof-muhitni nazorat qilish.

Yashil texnologiyalar qanchalik samarali ekanligini tushunish uchun energiya auditi va energiyani boshqarish sohasida mutaxassislar mavjud bo‘lib, biz ularni jalb qilishga yordam beramiz.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Bundan tashqari, 2020-yilda Yashil texnologiya selektori ishga tushirildi. Bu energiya tejovchi uskunalarning har xil turlarini yig‘uvchi mamlakatdagi birinchi va yagona kataloglashtirilgan tizimdir.

Bugungi kunga kelib, platformani to‘ldirish va energiya tejovchi texnologiyalar nomini ikki mingga yetkazish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Veb-sayt qaysi uskunani tanlash borasida bosh qotirayotgan tadbirkorlar uchun foydali bo‘ladi. Platformada faqat an’anaviy uskunalardan o‘rtacha 20% samaraliroq bo‘lgan texnologiyalar mavjud.

Selektor qo‘shimcha savdo maydonchasi sifatida bunday uskunani ishlab chiqaruvchilar uchun ham qulay bo‘ladi. Bundan tashqari, katalogdan bankirlar ham kreditlar berishda foydalanishadi.

Ma’lumotlar bazasida mahalliy texnologiyalar unchalik ko‘p emas — ular taxminan 15−20%ni tashkil qiladi. Buning sababi shundaki, o‘zbek ishlab chiqaruvchilarining aksariyatida oddiygina texnik hujjatlar ham yo‘q va ularsiz texnologiyani ro‘yxatdan o‘tkazib bo‘lmaydi.

YeTTBda biznes uchun amaliy ko‘nikmalar bo‘yicha ko‘plab o‘quv dasturlari, biznesdagi ayollar uchun dastur va boshqalar mavjud.

Yashil yo‘nalish haqida gapiradigan bo‘lsak, hozirda korxonalar uchun energiya tejovchi texnologiyalar va uskunalar haqida ma’lumot berish uchun treninglar olib borilmoqda.

Yaqinda biz mehmon uylari uchun trening o‘tkazdik. Trening davomida korxonalar energiya tejamkorligi, quyosh panellari va suv isitgichlari qanday joylashtirilgani, qanday turdagi uskunalar mavjudligi kabi mavzular yoritildi. Keyinchalik biz ushbu joylarga kelib amaliy maslahatlar beradigan konsultant yordami bilan ta’minlaymiz.

Treninglar nafaqat korxonalar, balki konsultantlar uchun ham o‘tkaziladi. Joriy yilning noyabr oyida energetika bo‘yicha konsultantlar uchun trening o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Treningni xalqaro mutaxassislar olib borishadi, ular yangi texnologiyalar, ularni to‘g‘ri qo‘llash va hokazolar haqida professional tilda so‘zlab berishadi.

Mahalliy konsultantlar unda ishtirok etish uchun to‘lov qilishlari kerak bo‘ladi va YeTTB treningni qisman subsidiyalaydi, xalqaro ekspertlarni topadi va tadbirni tashkillashtiradi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Yashil iqtisodiyot sohasidagi muammolar

Kichik va o‘rta biznes mamlakat iqtisodiyotida ancha katta ulushni egallaydi — YaIMning 55%i. Albatta, bu kompaniyalar o‘zlarining uglerod chiqindilariga ega.

Iqtisodiyotdagi ishlab chiqarishning yarmidan ko‘pi KO‘B vakillari hissasiga to‘g‘ri kelishiga qaramay, alohida-alohida olsak, ular kichik korxonalardir.

Bu kichik novvoyxona, mebel ishlab chiqaruvchi mini-korxona, kafe, mehmonxona va hokazo bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ularning ko‘pchiligi zamonaviy texnologiyalar nima ekanligini, ishlab chiqarishni qanday qilib ekologik toza tarzda yo‘lga qo‘yish va hokazolarni bilmaydi. Bunda bizning bankimiz ta’lim va moliyaviy tomonlama ko‘mak uchun yordamga keladi.

Biznes energiya va boshqa resurslarni tejash haqida o‘ylamaydi va unchalik e’tibor bermaydi, shu jumladan, O‘zbekistonda hozirgacha resurslar nisbatan arzon.

Ammo bu vaziyat o‘zgarishini va energiya tejash va atrof-muhitni muhofaza qilishni bozorda jiddiy raqobat ustunligi sifatida ko‘rib chiqish vaqti kelganini tushunadiganlar tobora ko‘payib bormoqda.

Albatta, energiya tejovchi yechimlar har doim ham an’anaviy texnologiyalardan arzonroq emas, lekin ular:

  • uzoq muddatli maqsadlarda o‘zini qoplaydi va xarajatlarni tejashga yordam beradi. Kelajakda elektr energiyasi tariflari, gaz/yoqilg‘i, suv narxlari va h.k.larning ko‘tarilishi bilan qoplash muddati qisqaradi;

  • biznesni tashqi ta’sirlarga (masalan, elektr ta’minotidagi uzilishlar) nisbatan chidamliroq qiladi;

  • ba’zan bunday yechimlar tadbirkorlarning (ayniqsa, qishloq joylarida) uy-joy kommunal xo‘jaligi infratuzilmasidan uzoqda joylashganligi sharoitida yagona oqilona yechim hisoblanadi.

Avvalroq “Spot” YeTTB O‘zbekistonning po‘lat ishlab chiqarish sektori rivojiga $15 mln kredit ajratishi haqida xabar bergandi.