Hukumat qarori bilan fuqarolarni vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi takomillashtiriladi.
Unga ko‘ra, maxsus planshet qurilmalari orqali elektron ro‘yxatga olish faoliyati joriy yilning 1-noyabridan 2023-yilning 1-sentabrigacha Toshkent shahri va Toshkent viloyatida tajriba-sinov tariqasida tashkil etiladi.
Fuqarolar Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatida yashash joyi bo‘yicha mulkdorning arizasida yoki soliq organlarida hisobga olingan ijara shartnomasida ko‘rsatilgan, biroq bir yildan ortiq bo‘lmagan muddatga vaqtincha ro‘yxatga olinadi.
Vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish uchun fuqarolar kelgan kunidan boshlab 15 kun muddatda o‘z xohishiga ko‘ra, quyidagilarga murojaat qilishi mumkin:
- qulay manzildagi profilaktika inspektorlariga;
- migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga;
- davlat xizmatlari markazlariga;
- Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga.
Vaqtincha ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi qayd varag‘i fuqaroning turgan joyida vaqtincha ro‘yxatga olinganligini tasdiqlaydigan hujjat hisoblanadi.