“Yashnobod” innovatsion texnoparki rezidenti Eronga $1,5 mln.ga teng IT va blokcheyn xizmatlarini amalga oshiradi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligining matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bu bo‘yicha, Eronning “Amnpardaz Soft Coperation” kompaniyasi va “Yashnobod” innovatsion texnoparki rezidenti — “AQL EGALARI” o‘rtasida kelishuv imzolangan.
“Maqsadimiz O‘zbekiston bozori orqali kompaniyamizga yangi innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni joriy etish, kiberhimoya sanoatining eng mukammal ko‘rinishi bo‘lgan blokcheyn texnologiyasi orqali loyhalarimizni yanada ishonchli shaklga keltirish”, — deydi kompaniya ijrochi direktori Alireza Moosavi.
“Amnpardaz Soft Coperation” kompaniyasi bilan imzolangan ushbu memorandum yetakchi IT mutaxassislarni birlashtirgan “Farg‘ona Silikon Vodiysi"ni tashkil etish maqsadimiz yo‘lida birinchi qadam bo‘ldi”, — deydi “AQL EGALARI” IT kompaniyasi asoschisi Alisher Abdumalikxon.
Uning ta’kidlashicha, 2023-yil Farg‘onaning Oltiariq tumanida 100 nafar IT mutaxassisi yashashi va ishlashi uchun 5 gektar maydonda innovatsion ekotizim yaratiladi.
Kompaniya haqida
“Amnpardaz Soft Coperation” kompaniyasi 2005-yildan beri Eronda veb-dasturiy ta’minotlar kiberxavfsizligi bo‘yicha faoliyat yuritadi.
200 dan ortiq yetakchi dasturchilar guruhidan iborat kompaniyaning yillik mablag‘ aylanmasi $2 mlrd.ni tashkil etadi.
Avvalroq, “RevoTech” AQShning “Effika Corp” kompaniyasi bilan sug‘urta sohasida autsorsing xizmatlar ko‘rsatish belgilangan $20 mln.lik memorandum imzolagandi.