24−27 oktabr kunlari Samarqanddagi “Silk Road” majmuasi ixtirolar, yangiliklar markaziga aylandi hamda IT-sohasining yetuk mutaxassislari bilan gavjum bo‘ldi. Bu yilgi “ICT WEEK 2022” forumi aynan mazkur manzilda tashkil etildi.

Forum doirasida tashkil etilgan “ICTEXPO” ko‘rgazmasida dunyoning yetakchi kompaniyalaridan tortib startap loyihalargacha ishtirok etdi. “Spot” mazkur loyihalar haqida qisqacha ma’lumot beradi.


Raqamlashtirilgan “parkovka”

Qozog‘istonning “Parqour” kompaniyasi aqlli parkovkalarni taqdim etmoqda. Dunyoning 9 ta davlati qatorida O‘zbekistonda ham faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.

Loyiha avtomatlashtirilgan tizimni taqdim etadi. Ya’ni “parkovka"ga kelgan avtomobil raqamini maxsus tizim avtomatik ravishda tanib oladi va kirish mumkin bo‘ladi. Chiqishdan oldin elektron tizimda QR-kodni skanerlash yoki terminalga pul solish orqali to‘lov amalga oshiriladi.

Shu bilan to‘lov amalga oshirilganlik haqidagi ma’lumot tizimda paydo bo‘lgach avtomobil chiqib ketishi mumkin.

“Kompaniya O‘zbekistonda aqlli parkovkalar tizimini taklif etadi. Qurilish, jihozlashdan tortib loyihani rivojlantirishgacha o‘zimiz tashkil qilamiz. Birlamchi investitsiya ham kompaniya tarafidan bo‘ladi”, — deydi “Parqour” kompaniyasining O‘zbekistondagi Bosh operatsion direktori Saidalixon Hakimov.


Loyiha O‘zbekistonning 4 ta obyektida ishlab turibdi. Uning ahamiyati shundaki, jarayon inson faktorisiz amalga oshiriladi.

“2023-yilda 15 ta obyektda aqlli parkovkani ishga tushirishni, yaqin 5 yilda esa ko‘plab avtoturargohlarni avtomatik ravishda ishlaydigan „Parqour“ tizimi bilan ta’minlab, haydovchilarga qulaylik yaratishni maqsad qilganmiz”, — dedi Saidalixon Hakimov.

Maktabda VR-ko‘zoynaklar bilan dars

Sehriyo” nodavlat ta’lim muassasasi 1−11 sinf o‘quvchilariga maktab ta’limi bilan birga zamonaviy fanlarni o‘zlashtirishni taklif etadi. Xususan, maktabda o‘quvchilarga VR/AR, Injinering, Robotatexnika va IT darslari o‘tiladi.

Bu yerda 130 ga yaqin o‘qituvchi 1100 dan ziyod o‘quvchiga dars beradi. Kimyo, fizika va astronomiya kabi fanlar bo‘yicha 360 gradusli virtual dars xonalari yaratilgan.

“Bu orqali birinchi o‘rinda o‘quvchining sog‘ligiga ta’sir qiluvchi omillarning oldi olinadi. Masalan, kimyo fanida elementlarni VR-ko‘zoynaklar orqali ko‘rish mumkin. Shu bilan birga kimyoviy elementlarning reaksiyalik darajasini virtual laboratoriyada sinab ko‘rsa bo‘ladi. Bu esa bola uchun mutlaqo xavfsiz. Fizika xonasida ham xuddi shunday, fanni virtual o‘rganish mumkin”, — deydi maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi Shahnoza Xamrayeva.

Shuningdek, “Onlayn-maktab”, biznes-kurslar tashkil etilgan. Ular orqali maktab o‘quvchilari o‘z ishini 0 dan samarali natijaga ko‘tarishgacha hamda muammolarga yechim topishga o‘rgatiladi.

Robototexnika va IT-kurslar ham zamonaviy usullarga asoslanib tashkil etilgan. Maktabda mavjud VR-hall, VR-sinflar boshqa fanlarni ham interaktiv usulda o‘tish imkonini beradi.


Virtual universitet

Forumda qatnashgan “IT Park University“ning bakalavriatura bosqichida dasturlash, “Data science” “Data analytics” kabi yo‘nalishlarda 3 yillik ta’lim beriladi.

Universitet “EPAM” bilan birga tashkil etilgan bo‘lib, bitiruvchilar keyinchalik ushbu kompaniyada ishlashlari mumkin.

Joriy yil universitetga 350 dan ortiq talaba qabul qilingan. Ularga xalqaro mutaxassislar “EPAM Learning” platformasi orqali dars o‘tishadi.

Talabalar 2-bosqichdan boshlab fakultet tanlashi mumkin bo‘ladi. Hozir universitetda “IT Park” va “EPAM” fakulteti mavjud bo‘lib, “EPAM” fakultetini tamomlagan talabalarga kompaniyaning sertifikati ham beriladi.

“Ishlaydigan yoshlar yoki oilaviy ayollar bor. Mana shunday vaziyatda onlayn o‘qish ancha oson. O‘qituvchilarimiz asosan xorijdan, ya’ni talabalar ona tilisi ingliz tili bo‘lgan mutaxassislardan dars olishadi”, — deydi “IT Park” universitetining hududiy menejeri Aziza Shomamatova.

Plug and play

Dunyoning 40 ta nuqtasida ofisiga ega AQShning “Plug and play” kompaniyasi bu yildan O‘zbekistonda ham faoliyatini boshladi. “ICT WEEK” forumi doirasida akseleratsiya dasturiga qabul boshlanishi haqida e’lon berdi. Bu orqali startap loyihalarning chet el bozoriga chiqishiga, investitsiyalarni jalb qilishga imkoniyat yaratiladi.

Plug and play” aynan xalqaro startap eko tizimini rivojlantirishga qaratilgan platforma hisoblanadi. Maqsadi startaplarni rivojlantirish bilan birga tarkibidagi investitsion fond orqali yirik korxonalarning raqamli transformatsiyasiga yordam berishdir", — deydi kompaniyaning hamkorlar bilan ishlash menejeri Farruh Maksumov.


“Meta"dan VR taqdimot

Meta” kompaniyasi ko‘rgazmada VR ko‘zoynaklarni taqdim etdi. U orqali virtual hayotda o‘yinlar o‘ynash, “Youtube” orqali 360 gradusda video lavhalar tomosha qilish mumkin.

Buning uchun “Youtube"dagi maxsus videolarga VR-ko‘zoynaklar orqali ulanish kerak bo‘ladi.

Shu bilan birga, “Oculus quest 2” ko‘zoynaklarining funksiyalarini qo‘l orqali boshqarish mumkin.


Hammasi aholi uchun

Huawei” kompaniyasi ko‘rgazmaga bir nechta loyihalar bilan tashrif buyurdi. Masalan 5G texnologiyalari antennalari, internet tarmoqlarining tezligini oshiruvchi qurilmalar namoyishi.

“FTTR” qurilmasi har bir xonada 1 Gegabit tezlikda ishlovchi WiFi modem va optik tolani uyning ichiga yotqizish imkonini beradi", — deydi kompaniya vakili Shohruh Arzikulov.

FTTR qurilmasi orqali optik kabel faqat uyning eshigiga emas, har bir xonaga yotqiziladi. Buni turli xil tarzda amalga oshirish mumkin — kompaniyaning maxsus mo‘ljallangan apparati bilan qizdirilgan holda, germetik usul yoki skoch bilan.


Bunda har bir xonada WiFi 6 da ishlaydigan kompaniyaning modemi qo‘yiladi. Masalan 4 ta xona bo‘lsa, 1 ta asosiy qurilma va unga qo‘shimcha 3 ta qurilma o‘rnatiladi.

Navbatdagi texnologiya “Digital Quick ODN” abonentlarni internet tezligi bilan taminlashda qo‘llash mumkin. Qurilmani o‘rnatishda hech qanday ulovchi apparatlar kerak bo‘lmaydi, kabellari zavoddan payvandlanib keladi.

“Unga ekspertni jalb qilish ham zarur emas, “Huawei"ning video qo‘llanmasi orqali oddiy ishchi ham ulashi mumkin. Bunda ikki xil yechimimiz mavjud: indoor va outdoor. Indoor bu baland binolarga, outdoor esa qishloq aholisiga mo‘ljallangan. Tajribamizga asosan bitta shaharchada 2 soat ichida o‘rtacha 200 ta aholi internet bilan ta’minlandi”, — deydi kompaniya vakili.


Kompaniya faqat telekommunikatsiya sohasi bo‘yicha emas, elektr energiya tarmog‘i bilan ta’minlashda quyosh va shamol elektr energiyalarini samarali foydalanish uchun invertorlar va transformatorlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.

Mazkur ko‘rgazmada ishtirok etgan loyihalarning ko‘pchilik qismi hayotga tatbiq etilgan bo‘lsa, shu bilan birga, yana ko‘plab loyihalar ilk bor taqdim etildi.

Avvalroq, “Spot” “ICTEXPO” ko‘rgazmasida “UZCARD” kompaniyasi kontaktsiz to‘lovlar uchun yangi “Uzcard Pay” ilovasini taqdim etgani haqida yozgandi.