Turistik faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya olmoqchi bo‘layotgan tadbirkorlar hujjatlarni onlayn ravishda rasmiylashtirishi mumkin.

Bunda litsenziyalar quyidagi faoliyat turlari uchun ajratiladi:

  • Turoperatorlik faoliyati. Ichki turizm yo‘nalishi;
  • Turoperatorlik faoliyati. Chiqish turizmi faoliyati (O‘zbekistondan tashqarida turizm faoliyatini (shu jumladan tibbiy va ta’lim turizmi) amalga oshirish);
  • Turoperatorlik faoliyati. Kirish turizmi faoliyati (O‘zbekistonga xorijiy fuqarolarni jalb qilishga oid turizm faoliyatini amalga oshirish);
  • Turagentlik faoliyati. Ichki turizm yo‘nalishi (O‘zbekiston ichida turizm faoliyatini amalga oshirish);
  • Turagentlik faoliyati. Chiqish turizmi faoliyati (O‘zbekistondan tashqarida turizm faoliyatini (shu jumladan tibbiy va ta’lim turizmi) amalga oshirish);
  • Turagentlik faoliyati. Kirish turizmi faoliyati (O‘zbekistonga xorijiy fuqarolarni jalb qilishga oid turizm faoliyatini amalga oshirish).

Litsenziya olish uchun murojaatni Adliya vazirligining “Litsenziya” portali yoki Yagona portal orqali yo‘llash mumkin.

Yagona portal orqali ariza topshirgan taqdirda ham vazirlikning elektron litsenziyalash tizimi ochiladi.

Bunda arizani ko‘rib chiqish uchun to‘lanadigan yig‘im miqdori BHMning 2,5 baravari ya’ni 750 ming so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, “Ichki turizm” yo‘nalishi bo‘yicha turizm faoliyati uchun BHMning 2 baravari miqdori — 600 ming so‘m, “chiqish turizmi” yoki “kirish turizmi” yo‘nalishi bo‘yicha turizm uchun BHMning 5 baravari — 1,5 mln so‘m davlat boji to‘lanadi.

Arizalar jo‘natilganidan so‘ng 5 ish kunida ko‘rib chiqiladi. Arizalarni topshirishning muddati ko‘rsatilmagan bo‘lib, tadbirkor mazkur faoliyatni yo‘lga qo‘yish uchun istalgan vaqtda murojaat qila oladi.

Bundan tashqari platformada ariza jo‘natish sahifasi ochilgach, yo‘nalishlar bilan birga litsenziat uchun qo‘yilgan talablar ham chiqadi.

Mazkur xizmatdan yuridik shaxs hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar foydalanishi mumkin.


Avvalroq “Spot” taksi haydovchilari qanday qilib o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar qatoriga qo‘shilishi mumkinligi haqida qo‘llanmani taqdim etgandi.