Joriy yilning 9 oyi davomida aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari 10,3 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank tahlillarida keltirilgan.
Xususan, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 68%ga oshganini ko‘rish mumkin.
Joriy yilda ipoteka kreditini olgan aholi soni 53 541 nafarni tashkil etib, Moliya vazirligi mablag‘lari hisobidan 41 245 nafar fuqaroga 7,6 trln so‘m hamda bank o‘z mablag‘lari hisobidan 11 351 nafar fuqaroga 2,6 trln so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratilgan.
Mazkur davrda jami ipoteka kreditlarining 8 trln so‘mi birlamchi bozordagi uylarga, 2,3 trln so‘mi esa ikkilamchi bozordagi uylar uchun yo‘naltirilgan.
Ipoteka kreditlariga yuqori talab Toshkentda saqlanib qolmoqda. 9 oyda poytaxtda ajratilgan ipoteka kreditlari 3,1 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Undan keyingi o‘rinlarda Farg‘ona (869,6 mlrd. so‘m), Samarqand (847,3 mlrd so‘m), Andijon (755,1 mlrd so‘m) hamda Surxondaryo (648,8 mlrd so‘m) turibdi.
Ipoteka kreditlariga eng kam talab avvalgi oyda bo‘lgani kabi bu oyda ham Sirdaryo hissasiga to‘g‘ri keldi — 225,6 mlrd so‘m.
Ajratilgan ipoteka kreditlari hisobiga sotib olingan uy-joylarning o‘rtacha narxlari tahlil qilinganda, xonadonlarning nisbatan balandroq narxi Toshkentda kuzatilgan — 463,8 mln so‘m.
Xorazm viloyati esa 194,5 mln so‘m narx bilan uy-joy savdosida eng past ko‘rsatkichni qayd etgan.