Joriy yilning to‘qqiz oyida aholining umumiy daromadlari 454,9 trln so‘mga yetdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Xususan, aholi umumiy daromadlarining nominal o‘sish sur’ati 123,1%ga, real o‘sish sur’ati esa 110,7%ga oshgan.

Bunda aholi jon boshiga umumiy daromadlar 12,8 mln so‘mdan to‘g‘ri kelgan.

Umumiy daromadlar hajmida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkentga to‘g‘ri kelgan — qariy 27 mln so‘m.

Undan keyingi yuqori ko‘rsatkich Navoiy (20 mln so‘m), Buxoro (15,5 mln so‘m), Xorazm (14,2 mln so‘m) hamda Toshkent viloyatida (13,3 mln so‘m) qayd etilgan.

Eng past ko‘rsatkich Qoraqalpog‘istonda kuzatildi. Yanvar-sentabr oylarida hududda aholi jon boshiga umumiy daromadlar hajmi 9,3 mln so‘mni tashkil etdi.

Aholi jon boshiga umumiy daromadlarning eng yuqori real o‘sishi Toshkent (13,8%), Xorazm (12,8%) va Surxondaryoda (12,0%) kuzatildi.

Toshkent (0,6%), Jizzax (1,3%), Navoiy (3,9%), Sirdaryo (5,1%) viloyatlari, Qoraqalpog‘iston (6,1%), hamda Samarqand (6,4%), Buxoro (7,4%), Andijonda (8,2%) esa aholi jon boshiga umumiy daromadlarning real o‘sishi past ko‘rsatkichni tashkil etdi.

Aholi umumiy daromadlari hajmining sezilarli o‘sishi mehnat faoliyatidan olingan daromadlar hissasiga to‘g‘ri keladi — 61,2%.

Bunda yollanma ishchilarning daromadlari va mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlarning eng yuqori ulushi Navoiy (79,2%) viloyatida kuzatildi.