Farg‘onadagi “Uzsungwoo” qo‘shma korxonasida loyiha qiymati $10 mln.lik metallarga qizdirilgan holda ishlov berish liniyasi foydalanishga topshirildi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabar bermoqda.

Xabarga ko‘ra, liniya to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘lib, “Schuler”, “Prima Power”, “Benteler”, “Aotto” kabi mashinasozlik kompaniyalarida ishlab chiqarilgan po‘lat o‘ramdan kerakli o‘lcham olish, qizdirib presslash, lazerda kesish uskunalari bilan jihozlangan.

Mazkur liniyaning ishga tushirilishi natijasida 120 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi va korxonaning yillik ishlab chiqarish hajmi $95 mln.ga oshdi.

Metallarga qizdirilgan holda ishlov berish liniyaning o‘zida amalga oshirilib, yiliga $19 mln.dan ortiq 2,4 mln dona mahsulot ishlab chiqariladi.

Shuningdek, yangi texnologik jarayon mamlakatda ishlab chiqariladigan “Tracker” va “Onix” avtomobillari uchun 20 turdagi butlovchi qismlarni mahalliylashtirishga imkon beradi.

Uzsungwoo” qo‘shma korxonasi 2012-yilda tashkil etilgan bo‘lib, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar uchun katta va o‘rta o‘lchamdagi 300 dan ortiq nomdagi shtamp-payvandlangan qismlar ishlab chiqariladi.


Avvalroq “Spot” Navoiyda O‘zbekiston-Xitoy dori texnologiyalari parki qurilishi boshlangani haqida xabar bergandi.