24−30-oktabr kunlari O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi tomonidan ochiq birja savdolari orqali jami 2,5 trln so‘mlik tovar resurslari sotildi. Bu haqda kompaniyaning matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mahsulotlar sotuvchi korxonalar tomonidan tasdiqlangan jadvallar asosida birja savdolariga qo‘yildi.
O‘tkazilgan savdo natijalariga ko‘ra, birjaning shakar bozorida narx bo‘yicha pasayish kuzatildi.
Hafta davomida birja savdolariga 10 ming tonna shakar qo‘yildi va uning 9 ming 850 tonnasi, ya’ni 98,5% qismi sotildi.
O‘tkazilgan birja savdolarida mahalliy shakarning TS-2 — kategoriyasi bo‘yicha shakllangan o‘rtacha haftalik narxi mahsulotni bir tonnasi uchun 11 205,4 ming so‘mni tashkil etdi.
Birjaning paxta tolasi bozoridagi narxlari ham pasayishni qayd etdi.
O‘tgan hafta mobaynida birja savdolarida 1 436 tonna sement sotildi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 287 tonnani tashkil qildi.
Narxlar paxta tolasining bir tonnasi uchun 23,7 mln so‘mdan 19,8 mln so‘mgacha, ya’ni 16,2%ga pasaydi.
Shuningdek, o‘tgan haftada birjaning omuxta yem bozorida narxlar pasayishi qayd etildi.
Hafta davomida birja savdolariga 20 ming 559 tonna omuxta yem qo‘yildi va undan 10 ming 821 tonnasi, ya’ni 52,6% qismi sotildi.
Omuxta yemning bir tonnasi uchun narxlar 2,1 mln so‘mgacha, ya’ni 1,6% ga pasaydi.