“ICT WЕЕK” forumi doirasida “Spot” Qozog‘istonning “Sergek Group” kompaniyasi asoschisi Qayrat Axmedov bilan suhbat qildi. Kompaniya forumda avtomobillarni nazorat qiluvchi videokameralar taqdimoti bilan qatnashdi.
Kompaniya 2006-yilda tashkil etilgan, “Sergek” loyihasi esa 2016-yildan faoliyatini boshlagan. Hozirda Qozog‘istonning 10 ta shahrida faoliyat nuqtalari mavjud.
“Sergek” O‘zbekiston bozoriga kirishga intilmoqda. Hozir Namangan shahrida kompaniyaning 25 ta videokameralari mavjud.
Shuningdek, kompaniya yaqin kunlarda rasman faoliyatini kengaytirish maqsadida shaharda joylashish ishlarini olib bormoqda.
“O‘zbekiston bozorida ko‘pgina imkoniyatlarni ko‘rishimiz mumkin. Masalan Qozog‘istonda faoliyat olib boruvchi shaharlarimizda avtohalokatlar sonini ikki barobar ya’ni 50%ga kamaytirganmiz. Va O‘zbekistonda ham loyihamizni joriy etish orqali xavfsizlikni ta’minlamoqchimiz”, — deydi Qayrat Axmedov.
Bizda 40 mingdan ortiq videokameralar va ularni boshqaruvchi 2 mingga yaqin transport komplekslari mavjud.
“O‘zbekiston bozorida ikki karra ko‘p aholini ko‘rdik va yo‘l harakatini nazorat qiluvchi minglab zamonaviy videokameralarimizni o‘rnatishga tayyormiz. Shuningdek, bu yerda mahalliy ofisni ochish harakatidamiz va O‘zbekiston uchun biz ham foydamizni qo‘shmoqchimiz”, — deydi kompaniya asoschisi.
Suhbat davomida Qayrat Axmedov startaplar uchun maslahatlar berdi. Uning ta’kidlashicha biznesini endi boshlayotganlar startap-loyihalarda qatnashishlari kerak.
“Hozirgi vaqtda men uchun yangi biznes boshlash bundan 15−20 yil avvalgiga nisbatan juda ham oson. Negaki, oldin men omadsizlikka uchraganman. Shuning uchun ham o‘z ishini boshlayotganlarga turli dasturlarda qatnashishni maslahat beraman”, — deydi u.
Tadbirkor bu bo‘yicha Qozog‘iston va O‘zbekistonda davlat tomonidan innovatsion parklarda startap loyihalar taqdim etiladi va qo‘llab-quvvatlanadi.
Masalan, joriy yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekistonda 12,9 mlrd so‘mlik 16 ta startap loyihalar moliyalashtirildi. Shuningdek, “Oʻz startap gʻoyangni yarat” marafoni hamda startap loyihalar uchun turli mavzularda seminar-treninglar va boshqa loyihalar tashkil etildi — “Spot” izohi.
“Bu esa yangi biznes boshlovchilar uchun kichik universitet kurslari xizmatini o‘taydi va o‘z navbatida ishtirokchilarni raqobatga o‘rgatadi. Bundan tashqari, ularni ijtimoiy uchrashuvlar orqali jamiyat bilan hamnafas faoliyat olib borishiga yordam beradi”, — dedi Qayrat Axmedov.
Bu loyihalarda ular sarmoyadorlar va hamkorlar bilan uchrashuvlar olib borishadi. Agar ular O‘zbekstonda topa olishmasa Qozog‘istonning Ostona shahriga kelishni tavsiya etaman, — deya qo‘shimcha qiladi tadbirkor.