Joriy yilning uchinchi choragida “UzAuto Motors” kompaniyasining sof tushumi 26,5 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda kompaniyaning moliyaviy hisobotida keltirilgan.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 72% ga oshgan. O‘tgan yili kompaniya tushumi 15,4 trln so‘mni tashkil etgandi.
Kompaniya joriy yilning yanvar-mart oylarida 8,67 trln so‘m daromad olgandi.
Shu vaqt ichida ishlab chiqarilgan mahsulotlar tannarxi 81,3% — 12,3 trln so‘mdan 22,3 trln so‘mga oshdi.
Bu davrda avtosanoat xarajatlari 2,4 trln so‘mni tashkil etdi. Bundan tashqari daromad solig‘ini to‘lashga 357 mlrd so‘m ajratilgan.
Uchinchi chorakda “UzAuto Motors"ning sof foydasi 1,8 trln so‘mni tashkil etdi. Natijada kompaniyaning sof foydasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan (1,25 trln so‘m) 46,4%ga o‘sgan.
1-noyabrdan kompaniya “Chevrolet Onix” avtomobilini sotuvga chiqardi. Bir kunda tuzilgan 30 mingga shartnomaning 28 mingdan ortig‘i yangi avtomobil uchun tuzilgan.
Shuningdek, avgust oyida kompaniya yil oxirida “Spark” va “Nexia” ishlab chiqarishni to‘xtatishini ma’lum qilgandi.
“UzAuto Motors” 2022-yilning oxirigacha avtomobil ishlab chiqarish ko‘rsatkichini 340 mingga yetkazishni hamda bu ko‘rsatkichni kelgusi yillarda 400 mingdan oshirishni rejalashtirgan.