Samarqandda O‘zbekistonning ikkinchi iqtisodiy forumi o‘z ishini boshladi. Shavkat Mirziyoyev tadbir ishtirokchilariga Murojaatnoma yo‘lladi.
Unda davlat rahbari forum mazmuni va mohiyatiga alohida to’xtalib, O’zbekistonning iqtisodiyotni oshirishdagi ishlari haqida ta’kidlagan.
“Mamlakatimizda 2022−2026 yillarda inklyuziv va barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish, inson kapitalini rivojlantirish va kambag‘allikni kamida 2 barobarga qisqartirishni maqsad qilganmiz”, — dedi prezident.
Bu borada amalga oshirilayotgan quyidagi yo‘nalishlar sanab o‘tildi:
- iqtisodiyotda xususiy sektor rolini oshirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiya va sog‘lom raqobat muhitini yaxshilashga e’tibor qaratilmoqda;
- aholining turmush sifatini oshirish va yashash sharoitini yaxshilash maqsadida har bir mahallaning infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha “Obod qishloq”, “Obod mahalla” va “Tashabbusli budjet” loyihalari joriy etildi;
- aholining kambag‘al va ehtiyojmand qatlamlarini manzilli ijtimoiy himoya tizimi bilan to‘liq qamrab olish maqsadida professional ta’lim sifatini oshirish, kasb-hunarlarga o‘qitish orqali tadbirkorlikka jalb qilish belgilangan;
- tashqi bozorlar va hamkor davlatlarda yuzaga kelgan tahlikali vaziyat sharoitida mamlakatda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash hamda inflyatsiya sur’atlarini jilovlash choralari ko‘rilmoqda. Natijada, joriy yilda mamlakatda 5%dan yuqori iqtisodiy o‘sish kutilmoqda;
- qishloq xo‘jaligiga suv va resurs tejovchi, “aqlli” texnologiyalarni joriy etgan holda, mahsulot ishlab chiqarishning barqaror tizimlarini yaratish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash ishlari olib borilmoqda;
- barcha hamkor davlatlar bilan savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni kengaytirish hamda transport-logistika tizimlarini rivojlantirish orqali o‘zaro bog‘liqlikni ta’minlash belgilangan.
“Bizga xayrixoh bo‘lgan, birgalikdagi loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etayotgan barcha hamkorlarimizga o‘z minnatdorligimni bildiraman”, — dedi prezident.
Avvalroq prezident 2026-yilgacha Taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshiriladigan 5 ta asosiy vazifani belgilab bergandi.
Undan so‘ng, sentabr oyida O‘zbekistonda ta’lim, sud, tadbirkorlik, tibbiyot va suv ta’minoti sohalariga oid takliflarni qabul qilish boshlandi.