Prezident Shavkat Mirziyoyev issiqxona xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishib, ko‘rsatmalar berdi.
Unga ko‘ra, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi issiqxonalarga urug‘, ko‘chat, mineral o‘g‘it va boshqa moddiy resurslarni yetkazib beradi hamda mahsulotni sotib olib, eksport qiladi.
Karantin va o‘simliklar himoyasi agentligi ko‘chatlarni parvarishlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishi belgilangan.
Shuningdek, issiqxona xo‘jaliklari va muzlatkichli omborxonalar uchun xalqaro moliya institutlari va davlat maqsadli jamg‘armalaridan ajratilgan kreditlarni qaytarish muddati 7 yildan 14 yilga hamda imtiyozli davri 3 yildan 5 yilga uzaytirilishi nazarda tutilmoqda.
Kreditlarni qaytarish muddatlari hosilni yig‘ib olish va sotish muddatlariga moslashtiriladi.
Eksportbop mahsulot yetishtirishni rag‘batlantirish maqsadida xorijiy valyutadagi bank kreditlarini yillik 4% stavkada ajratish mo‘ljallanmoqda.
Sanoat tipidagi issiqxona va logistika markazlarini tashkil etish uchun yaxlit maydonlar ochiq auksion savdolariga chiqarilishi belgilandi.
Shu bilan birga, davlat rahbari meva-sabzavotlarni saqlash, saralash va qadoqlash imkoniyatiga ega bo‘lgan savdo majmualarini tashkil etish, yangi issiqxonalar uchun suv va elektr tarmoqlarini tortish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Joriy yilning mart oyida issiqxona xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan prezident qarori loyihasi muhokamaga qo‘yilgandi.
2-noyabr kuni qabul qilingan prezident qarori bilan Joriy yilning 1-oktabridan issiqxona xo‘jaliklariga tabiiy gaz bo‘yicha to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmaganlik uchun penya summasi hisoblanmaydi.
Mazkur tartib 2023-yilning 1-apreligacha belgilanib, istisno tariqasida amalga oshiriladi.
Avvalroq “Spot” “Greenhouse Company” ta’sischisi Murat Barayev bilan suhbat qilgandi. Tadbirkor biznesda yo‘l qo‘ygan xatolari va biznesmenlarga kerakli maslahatlar bilan bo‘lishib, o‘z tajribasi haqida hikoya qilgandi.