Samarqandda o‘tkazilayotgan iqtisodiy forum doirasida Davlat xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi xalqaro banklar bilan 8 ta loyiha bo‘yicha kelishuv amalga oshirishi belgilangan. Bu haqda agentlik direktori Zokir Bozorov “O‘zbekiston24"ga ma’lum qildi.
Xususan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan birgalikda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan OTMlar uchun yotoqxonalar qurish loyihasi $115 mln.ni tashkil etadi.
“Talabalar uchun qo‘shimcha 224 ta yotoqxona qurishimiz kerak. Bugungi kunda 47 ta yotoqxona bo‘yicha bitimlar imzolanib, mahalliy investorlar bilan hamkorlikda qurilish ishlari boshlangan. Hozir 3 ta yotoqxona foydalanishga topshirildi”, — dedi Zokir Bozorov.
Shuningdek, tibbiyot bo‘yicha Osiyo taraqqiyot banki bilan birgalikda Buxoro va Andijon viloyatlarida ko‘p tarmoqli shifoxona qurish belgilangan.
Loyiha qiymati $240 mln.ni tashkil etib, davlat xususiy sheriklik sharti asosida, 100% xususiy investitsiya mablag‘i hisobiga amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, OTB bilan hamkorlikda mamlakatda maktabgacha ta’lim muassasasi quriladi.
Bu bo‘yicha bank birinchi bosqichda 100 ta yotoqxonani qurishni rejalashtirgan va u 100% davlat MTM hisoblanadi.
Loyihaning umumiy qiymati $75 mln bo‘lib, muddati 2 yilni tashkil etadi.
Shuningdek, agentlik OTB ko‘magida har birining quvvati 500 megavatni tashkil etuvchi ikkita quyosh elektr stansiyasini qurishni rejalashtirgan. Mazkur loyiha qiymati $200 mln.ni tashkil etiladi.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan Davlat xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi o‘rtasida fond tuziladi.
Fond asosan davlat xususiy sheriklik loyihalari hujjatlarini ishlab chiqish uchun moliyalashtiriladigan jamg‘arma hisoblanadi.
Jamg‘arma kapitali 20 mln yevroni tashkil etib, shundan 10 mln yevro grant asosida beriladi, qolgan 10 mln yevro esa O‘zbekiston kafolati asosida kreditga berilishi belgilangan.
“Fond orqali ishlab chiqilgan loyihalarga tender e’lon qilingach, konsultantlarni jalb qilishga moliyaviy manba sifatida xizmat qiladi”, — deydi Zokir Bozorov.
Davlat xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tomonidan 2022−2026 yillarda qiymati $14 mlrd.lik 154 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan.