Akmal Payziyev,

MyTaxi, Express24, Workly, Maxtrack, IMPACT.T. asoschisi.

O‘tgan yilning boshida biz “Express Dookon” loyihasi — o‘z omborimizdan mahsulotlarni tez yetkazib berishni yo‘lga qo‘ygan edik.

Oradan bir yil o‘tib, 2 mlrd so‘mga yaqin zarar bilan loyihani yopishga majbur bo‘ldik.

Ha, operatsion jihatdan “Dookon” foydali edi. Ammo biz dark-store formatda, ya’ni tovarlarni o‘zimiz sotib olib, ularni omborda saqlaganimiz sababli ko‘plab tovarlar hisobdan chiqarildi.

Shunda loyiha yopilgan paytdan boshlab jamoa bilan qanday qilib omborlarga ega bo‘lmagan holda yetkazib berishni amalga oshirish mumkinligi haqida o‘ylay boshladik. Shu tariqa “Express 24 Bozor” g‘oyasi tug‘ildi.

Mahsulotlarning eng ko‘p tanlovi bozorlarda taqdim etilishini tushundik, ammo muammo ularning raqamlashtirilmaganligida edi.

Misol uchun, agar do‘kon yoki supermarket bilan integratsiya qilinganda, ularning tizimi orqali ma’lum mahsulotlarning mavjudligi, narxlari va boshqa ma’lumotlarni ko‘rish mumkin. Bozorlarda esa tizim yo‘q va bu asosiy qiyinchilik edi.

Shuning uchun hamkorlarni ishga jalb qilishga qaror qildik. Har bir bozorda shunday hamkorimiz bor, u o‘zi mahsulotlarni saqlash uchun omborni ijaraga oladi va har bir toifadagi tovarlar uchun yetkazib beruvchilarni tanlaydi.

Bu qanday ishlaydi

Foydalanuvchi veb-sayt yoki ilova orqali kerakli bozorni tanlaydi, buyurtmani shakllantiradi, uni sherik qabul qiladi. U mahsulotlarni yig‘ib, kuryerga topshiradi.

Hamkordan 5% komissiya olish orqali ishlaymiz. Hozirda operatsion xarajatlar “Dookon"da bo‘lganidan ancha past. Bundan tashqari, sheriklar uzoq muddatli hamkorlik va hajmlarning o‘sishidan manfaatdor, shuning uchun ular qulay narxlarni taklif qilishadi.

Bunga platforma ichidagi raqobat yordam beradi. Narxlarni oshirganda hamkorlar turli bozorlarda mahsulot narxini solishtirish imkoniyatiga ega bo‘lgan mijozlarni yo‘qotishi mumkin. Agar bir bozorda narx yuqoriroq bo‘lsa, foydalanuvchilar boshqasiga o‘tadilar.

Hozir beshta bozor — Oloy, Chorsu, Yunusobod, Yashnobod va Ecobozor (Chimyon)dan yetkazib beryapmiz. 2023-yil Toshkentning barcha bozorlarini qamrab olmoqchimiz.

Foto: “Express 24”

Kelgusida Samarqand, Buxoro, Qo‘qon, Andijon va Farg‘onada loyihani yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz.

Loyihani ikki oy oldin ishga tushirdik. O‘shanda kuniga 3−4 ta buyurtmani qabul qilgan bo‘lsak, hozir bu ko‘rsatkich 80−90 taga yetdi. O‘rtacha chek miqdori taxminan 270 ming so‘mni tashkil qiladi.

Doimiy mijozlar bazasini yaratdik, ular o‘rta va undan yuqori daromad ko‘ruvchilardir. Iste’molchilarimiz asosan do‘konlarda topish qiyin bo‘lgan narsalarni sotib olishadi.

Masalan, yong‘oq, mayizni ko‘p miqdorda olishadi, shuningdek, yuqori sifatli import qilinadigan mahsulotlar, uy kimyoviy moddalarini sotib olishadi, sabzavot va mevalar ham deyarli har bir buyurtmaga kiritilgan.

Bundan tashqari, turli bozorlarda aholi orasida tanilgan sotuvchilar ham bor. Masalan, Oloy bozorida sifatli go‘sht va sut mahsulotlari, Chorsudagi mashhur gastronomik qatorlar va boshqalar sotiladi. Ularning mijozlari bozorga borish zaruratidan xalos bo‘lish uchun onlayn buyurtma berishadi.

Investitsiyalar hajmini taxmin qilish qiyin, chunki loyiha “Express 24” tuzilmasi doirasida amalga oshirilmoqda va biz bu sohaga kiritilgan sarmoyalarni alohida ko‘rib chiqmadik.


Agar siz ham o’z tajribangizni boshqalar bilan baham ko‘rishga tayyor bo‘lsangiz, bizga (info@spot.uz) yozing. Bu Bepul.