Samarqandda o’tkazilayotgan iqtisodiy forumda Xalqaro moliya korporatsiyasining bosh direktori Mahtar Diop nutqi taqdim etildi. Bu haqda “Spot” muxbiri xabar berdi.
U jahondagi qiyin vaziyatlarga qaramay, O‘zbekiston eksport hajmini oshirish va moliyaviy barqarorlikni yaxshilashga muvaffaq bo‘lgani hamda yangi raqamli davrga qadam qo‘yganini ta’kidladi.
Shuningdek, davlat sektoridagi islohotlar xususiy sektor sarmoyasi bilan bog‘lanib, davlat rahbari tashabbusi bilan energetika, ayniqsa, qayta tiklanadigan energiya sohasiga jahon miqyosidagi kompaniyalar jalb qilingani aytildi.
Mahtar davlat korxonalari xususiylashtirilishi natijasida xususiy sektor muhim sarmoyalar bilan qo‘llab-quvvatlanganini qayd etdi.
Bu borada keyingi besh yil ichida yana $70 mlrd.lik xorijiy investitsiyalar jalb qilinishi kutilmoqda.
Korporatsiya investitsiya muhitini yaxshilash va xususiy investorlarni jalb qilish uchun mamlakat bilan hamkorlikni davom ettirmoqda.
“Maqsadimiz ish o‘rinlarini yaratish, tadbirkorlarga yordam berish, infratuzilmani yaxshilash, kapital va raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishdir”, — dedi Mahtar Diop.
Uning qo’shimcha qilishicha, inklyuziv iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish bo’yicha yirik dastur joriy etiladi.
“Bugun Yangi O‘zbekiston inqirozlarni imkoniyatlarga aylantirishga qaror qilgan xalqdir. Bu yo‘lda Xalqaro moliya korporatsiyasi birgalashib ishlashda davom etadi”, — dedi u.
Forum doirasida Shavkat Mirziyoyev tadbir ishtirokchilariga murojaatnoma yo‘llagandi. Unda mamlakat iqtisodiyotini 2022−2026 yillarda rivojlantirishga qaratilgan yo‘nalishlarga to‘xtalgan.
Xususan, iqtisodiyotda xususiy sektor rolini oshirish, aholining turmush sifatini oshirish, inflyatsiya sur’atlarini jilovlash hamda hamkor davlatlar bilan savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni kengaytirish kabilar shular jumlasidan.
Shuningdek, forum doirasida Davlat xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi xalqaro banklar bilan 8 ta loyiha bo‘yicha kelishuv amalga oshirishi belgilangan.